Chet elliklarda COVID-19 aniqlansa respublika hududiga kiritilmaydi

    Salomatlik 23 Iyul 2021 855

    AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Botir Qurbonov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda Oʻzbekistonda SOVID-19ga qarshi kurash doirasida qilinayotgan ishlar, emlash jarayonidagi muhim vazifalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Respublika hududiga koronavirus infeksiyasining chetdan kirib kelishini oldini olish maqsadida joriy yil 20-iyuldan boshlab Oʻzbekiston chegarasidan avtoyoʻl chegara oʻtqazish punkti orqali kirib kelayotgan shaxslarni oʻz mablagʻlari hisobidan chegara oʻtqazish punklarida ekspress antigen test usulida tahlil topshirishlari va manfiy natija qayd etilgan holdagina Respublika hududiga kiritilishiga ruxsat beriladi.

    Shu bilan birga, avtoyoʻl chegaralarida ekspress antigen test tahlilida musbat natija qayd etiladigan boʻlsa chet el fuqarolari yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Respublika hududiga kiritilmaydi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan va Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar mustasno sanaladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yashashga ruxsat berilgan fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlanganda COVID-19 boʻyicha tashkil etilgan maxsus shifoxonalar yoki kasallik darajasiga koʻra uy sharoitida davolanishga yoʻnaltiriladi.

    Shuningdek, Soʻx tumani, Shohimardon, Choʻnqara, Toshtepa aholi punktlarida chegara hududlaridagi avtotransport chegarasi alohida hudud deb yuritilib, Oʻzbekiston respublikasi tomonidan tranzit tarzda borayotgan Oʻzbekiston fuqarolaridan koronavirus infeksiyasiga barcha turdagi test tahlillarini topshirish talab etilmaydi.

    Mazkur tartib alohida hududlarga kirib-chiqayotgan Qirgʻiziston Respublikasi fuqarolariga tadbiq etiladi.

    Har kuni ishga qatnayotgan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasida kunlik qatnab, faoliyat amalga oshirayotgan shaxslarga alohida imtiyoz berildi.