Chet tili sertifikatiga ega abituriyentlarning 87,5 foizi talabalikka tavsiya etilgan

    Joriy yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlarning 87,5 foizi talabalikka tavsiya etildi.

    Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, chet tili sertifikatiga ega boʻlgan holda fanlar majmuasida chet tili fani mavjud boʻlgan taʼlim yoʻnalishlariga topshirgan abituriyentlar soni 15 305 nafarni tashkil etib, ularning 13 397 nafari talabalik baxtiga musharraf boʻldi.

    Mazkur abituriyentlarning 4 446 nafari chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan 6 ta OTMdan biriga topshirgan boʻlib, ularning 4 138 nafari (93,1 %) talabalikka tavsiya etildi.

    2019-yil bilan solishtirganda chet tili sertifikatiga ega abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilish koʻrsatkichlari anchagina ortgan.

    2019-yilda chet tili sertifikatiga ega 10 920 nafar abituriyentning 6 169 nafari (56,5 %) talabalikka tavsiya etilgan boʻlib, bu 2022-yildagi koʻrsatkichdan 32 foizga kam.