Oʻtgan yildan boshlab faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi va uning hududlardagi vakilliklari bu borada faol tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Shu oʻrinda, Prezidentimizning joriy yilning 17-yanvar kuni oʻtkazilgan taʼlim sohasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida “Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til oʻrgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini oʻrgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik”, deya oʻrtaga tashlangan haqli savolni eslab oʻtsak.

Darhaqiqat, bugungi kunda har bir maktab kesimida oʻqituvchi va oʻquvchilarning xorijiy tillarni oʻrganish darajasini belgilash, hududlar kesimida maktablar reytingini ishlab chiqish, xorijiy tillarni oʻrgatish imkoniyatlarini eng chekka qishloqlarda joylashgan taʼlim muassasalarida ham oshirish dolzarb sanaladi. Xorijiy tillarni mukammal biluvchi oʻquvchi yoshlarni aniqlash va ularni ragʻbatlantirish bu boradagi yana bir muhim vazifadir.

Agentlikning Navoiy viloyat hududiy vakilligi ayni shu jihatlarga muhim eʼtibor qaratib kelayotgan boʻlib, oʻtgan qisqa davrda qator tashabbuslarni amalga oshirdi. Jumladan, Agentlik va Navoiy viloyati hokimligi kelishuvida “Yoʻl xaritasi” tuzilgan boʻlib, unga muvofiq 14 ta hamkorlik memorandumi imzolandi, 16 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 2 mingdan ortiq xorijiy tillarni oʻrganuvchilar qamrab olindi.

Viloyat miqyosida 63 nafar mobil trener tayyorlandi. Ushbu trenerlar hududdagi toifa attestatsiyasida past koʻrsatkich koʻrsatgan xorijiy til oʻqituvchilari bilan intensiv kurslarda treninglar tashkil etdi. Treninglar yakunida xalqaro tan olingan til bilish darajasi sertifikatlari uchun bir necha marta bepul Mock Examlar tashkil etilib, natijada sertifikatlanganlik darajasi viloyat miqyosida oshdi. Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tomonidan xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan, xalqaro va unga mos darajadagi milliy sertifikatlarga ega respublikadagi ingliz tili oʻqituvchilarining 2021-yil iyun-dekabr oylari holati boʻyicha reyting shakllantirildi. Ushbu reytingga muvofiq bugungi kunda Navoiy viloyati birinchi oʻrinda boʻlib, xalqaro sertifikatlarga egalik darajasi 30 foiz, xalqaro darajaga tenglashtirilgan milliy sertifikatga egalik darajasi boʻyicha 68 foizni tashkil etmoqda.

Vakillik tashabbusi bilan oʻzaro hamkorlik memorandumiga asosan Navoiy davlat pedagogika instituti professor oʻqituvchilari hamkorligida Intensive Professional Development Center tashkil etildi. Unda xalqaro TKT (Teaching Knowledge Test) testlariga tayyorlov treninglari oʻtkazilmoqda. Shuningdek, xalq taʼlimi tizimidagi barcha hududlarda faoliyat yuritib borayotgan mobil guruhlar trenerlari uchun Britaniya Konsulligi tomonidan ishlab chiqilgan Road to IELTS dasturidan foydalanish uchun hamkorlik dasturi doirasida 1,5 million soʻmlik vaucherlar bepul taqdim etildi. Shu bilan birga Cambridge Assessment tomonidan tashkillashtirilgan yuz nafar xorijiy til fan oʻqituvchilari uchun Pritesting test sinovlari boʻlib oʻtdi.

Shu bilan birga Koreya Respublikasi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublika taʼlim markazi oʻrtasida boʻlib oʻtgan muloqot davomida hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlar toʻgʻrisida rejalar tuzib olindi. Koreys tilini rivojlantirish boʻyicha taklif va maslahatlardan soʻng Navoiy hududiy vakillik kutubxonasi va koʻrish imkoniyati cheklangan bolajonlar uchun koreys tili va madaniyati ifodalangan, surʼatlarga boy kitoblar, darsliklar, lugʻatlar, mashq daftarlari, turli tarixiy adabiyotlar sovgʻa tariqasida taqdim etildi. Shuningdek, “Kitob xayriya” loyihasi asosida 14 ta maktabgacha taʼlim muassasalariga Koreya elchixonasi tomonidan hadya qilingan ertak kitoblari topshirildi.

Til oʻrganishda radio va televideniya imkoniyatlaridan foydalanish ham koʻzlangan natijani beradi. Shu bois, Navoiy shahridagi “Yoshlar media studiyasi”da har hafta “English Ted Club” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, yoshlar bu yerda bahs-munozara uslubida bilimlarini boyitmoqda. Aslida xorijiy tillarni oʻrganish muloqot orqali samarali ekanligini hisobga olganda, bunday yondashuv toʻgʻri va oʻz oʻrnida qoʻllanilmoqda.

Yaqinda Navoiy shahrida oʻtkazilgan agentlik hamda Britaniya kengashlari hamkorligida “Xalqaro testlarni muvaffaqiyatli topshirish: strategiyadan amaliyotga” mavzusidagi xalqaro konferensiya yana bir muhim tashabbuslarimizdan sanaladi. Unda Britaniya kengashlari vakili Joanna Motteram xonim tomonidan APTIS test sinovlarini baholashda eʼtiborga olinadigan jihatlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Konferensiya davomida professional taʼlimda faoliyat yuritayotgan 32 nafar ingliz tili fani oʻqituvchilari uchun xalqaro TKT (Teaching Knowledge Test) pritesting oʻtkazildi.

TKT testlarida ingliz tili fani oʻqituvchilarining metodik va pedagogik bilimlari sinovdan oʻtkaziladi. Ushbu sinov testining uchta modulidan yetarli ballni toʻplagan oʻqituvchilar S1 xalqaro darajaga, TKT diplomiga va oylik maoshiga 50 foiz miqdorida ustama olish imkoniyatiga ega boʻladi. Loyihada ishtirok etish ixtiyoriy, ijtimoiy tarmoqlarda doimiy targʻib etib boriladi.

Unda ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlar dastlab texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. Yaʼni bunda ijodiy ish oʻquvchilar tomonidan koʻchirilmaganligi, ijodiy yondoshgan holda fikrlarini bayon etishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Shundan keyin shaffoflik va haqqoniylikni taʼminlash maqsadida yozuvchilar tomonidan ijodiy ishlarga baho beriladi. Bundan keyin ham bu kabi loyihalarni davom ettirish niyatidamiz.

2021-yilda Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi Navoiy viloyati hududiy vakilligi tomonidan “Mening omadim hikoyasi” mavzusida hikoyalar loyihasi eʼlon qilingan edi. Dastlab ushbu loyiha oʻqituvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan boʻlsa, keyinchalik loyiha qamrovini kengaytirish maqsadida oʻquvchi yoshlar ham jalb etildi. Konferensiya doirasida gʻolib deb topilgan 10 nafar oʻqituvchi va 10 nafar oʻquvchi ragʻbatlantirildi.

Darhaqiqat, “Biz raqobatdosh davlat qurishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qatʼiy talab har bir taʼlim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”, degan edi davlatimiz rahbari yangi agentlik tashkil etilishi taklifi bildirilgan vaqtda.

Aytish mumkinki, agentlik tomonidan bugungi kunda mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlar ana shu talabni toʻla amalga oshirish va chet tillarini oʻrganish sifatini chekka hududlarda ham sezilardi darajada yaxshilashga qaratilgan.

Vazira AZIMOVA,

Xorijiy tillarni oʻrganishni

ommalashtirish agentligi Navoiy viloyati

hududiy vakilligi boshligʻi.