Muzokaralar chogʻida Chexiya mehnat bozori ehtiyojlari uchun Oʻzbekistonda malakali kadrlar tayyorlash va tashkiliy mehnat migratsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tibbiyot sohasi mutaxassislari — hamshiralar hamda qariyalarni parvarishlash boʻyicha xodimlar tayyorlash imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlum qilinishicha, Chexiya har yili Oʻzbekiston fuqarolari uchun 150 ta mehnat vizasi kvotasini ajratadi.
Shuningdek, Chexiya tomoni tibbiyot kadrlarini xorijda ishlashga tayyorlash boʻyicha Toshkent shahrida tashkil etilgan oʻquv kurslari faoliyati bilan tanishishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yoʻnalishda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.