Sun’iy intellekt va tuproq namligi sensorlariga asoslangan texnologiya Kokimbo mintaqasidagi kichik va o‘rta fermerlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishda yordam berish uchun mo‘ljallangan.

Mahalliy El Maipo nashrining xabar berishicha, "Mahsuldorlikni oshirish uchun aqlli qishloq xo‘jaligi" loyihasi aqlli sensorlar, avtomatlashtirish tizimlari va sun’iy intellektdan foydalanadi. Ishlab chiqilgan tizim tuproq namligini o‘lchaydi va faqat o‘simlik suvga muhtoj bo‘lganda sug‘orishni avtomatik ravishda faollashtiradi. Bu samarasiz suv sarfini kamaytirish uchun arzon uskunalardan foydalanish imkonini beradi.

— Biz mintaqadagi kichik va o‘rta fermerlarga sun’iy intellekt va sensor tizimlariga asoslangan avtomatlashtirilgan sug‘orish orqali qurg‘oqchilik oqibatlarini yengib o‘tishga yordam beradigan arzon texnologik yechimni taqdim etishga intilamiz, dedi — loyiha rahbari, La Serena universiteti tadqiqotchisi Umberto Farias.

Kokimbo mintaqasi gubernatori Kristobal Xulia tuproq namligini o‘lchash uchun mikrokontrollerlar va sun’iy intellektdan foydalanilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu suv resurslarini samaraliroq boshqarish imkonini beradi.

Loyiha shuningdek, ushbu texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi maktablariga ham joriy etmoqda. Maqsad qishloq joylaridagi o‘quvchilarni zamonaviy innovatsiyalar bilan tanishtirishdir.

Elki vodiysi qishloq xo‘jaligi maktabi direktori Sesiliya Dias talabalar tizimlar bilan amaliy tajriba orttirishlari, ularni yig‘ishlari va qismlarga ajratishlari mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bitiruvchilarga mehnat bozoriga sanoatda talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalar bilan kirish imkonini beradi.

La Serena universiteti ushbu texnologiyani boshqa ta’lim muassasalari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari orasida keng joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini oqilona boshqarishga hissa qo‘shadi, deb xabar berdi Kazinform.