Toshkent viloyatining togʻli hududlarida transport infratuzilmasini yaxshilash va turizmni rivojlantirish maqsadida “Chinorkent–Yusufxona–Chimyon–Amirsoy” yoʻnalishida zamonaviy yoʻlovchi tashish tizimi joriy etilmoqda.

Togʻli yoʻllar sharoitida xavfsizlikni taʼminlash uchun masʼul tashkilotlar va tajribali tashuvchilar ishtirokida sinov qatnovlari oʻtkazildi. Natijada “Ford” rusumli mikroavtobuslar tanlandi.

Shu asosda “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi “Toshavtobustrans” MCHJ tomonidan 20 ta mikroavtobus xarid qilinib, ular Oʻzbekistonga olib kelindi.

Yangi transport vositalari togʻli hududlar aholisiga xizmat koʻrsatish bilan birga, Chinorkent, Chimyon va Amirsoy kabi sayyohlik maskanlariga qatnaydigan turistik yoʻnalishlarda ham foydalaniladi. Bu ekoturizm salohiyatini oshirish va hududda qulay jamoat transporti xizmatini yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.