“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarqalayotgan xabarga munosabat bildirib, bu kabi xabarlar mutlaqo asossiz ekanini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Chiqindilarni boshqarish agentligi tomonidan yangi “Toza Makon-billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 2024-yil 31-oktyabr soat 23:50dan 5-noyabr soat 23:50gacha profilaktik ishlar olib borilishi maʼlum qilingan.
Shuningdek, mazkur vaqt oraligʻida chiqindi xizmati uchun barcha turdagi toʻlovlarni amalga oshirishda hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud maʼlumotlarni olish, abonent toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish, qoʻshish va oʻchirishda vaqtinchalik texnik uzilishlar boʻlishi yozilgan.
Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri talqin qilinib, turli telegram kanallarda chiqindi xizmatidan qarzi bor fuqarolar elektr energiyasidan uzilishi haqida maʼlumotlar tarqaldi.
«Ayni paytda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan isteʼmolchining chiqindi boʻyicha qarzdorlik boʻyicha ogohlantirilgandan keyin toʻlov qilmagan shaxslarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini joriy etilish boʻyicha texnik ishlar olib borilmoqda«, deyiladi xabarda.