Chirchiq daryosida qum-shagʻal qazib olinishi natijasida tabiatga 80 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazildi

    Toshkent shahri, Sergeli tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosining muhofaza mintaqasida 1 dona ekskavator va 2 dona yuk mashinasi yordamida qum-shagʻal qazib olinib, oʻrniga qurilish beton qoldiqlari joylashtirilayotgani aniqlandi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasining maʼlum qilishicha, bu ishlar “GRM” MCHJga tegishli texnikalar yordamida hech qanday ruxsatnomasiz amalga oshirilgan.

    Maʼlum boʻlishicha, Sergeli tumani hokimining 2019-yil 26-avgustdagi farmoyishiga asosan Sergeli tumani, Quruvchi dahasi, 25-uyda joylashgan 2,26 gektar yer maydoni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida “GRM” MCHJga biriktirib berilgan. Farmoyishning 3-bandida mazkur hududda daraxt va gul koʻchatlarini ekish belgilanib, 4-bandida biriktirilgan hududda qurilish va boshqa chiqindilarni joylashtirish javobgarlikka sabab boʻlishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan.

    Farmoyish talablariga amal qilinmagani oqibatida “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 22-moddasi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasi talablari buzilgan. Tabiatga qum-shagʻal qazib olinishi natijasida 21,4 milliard, chiqindilar noqonuniy joylashtirilishi natijasida esa 112,5 million soʻmga yaqin zarar yetkazilgan.

    Bundan tashqari, Bosh prokuratura xatiga asosan Toshkent shahri, Sergeli tumanidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosining boshqa bir qismida ham oʻrganish ishlari olib borildi. Natijada daryoning muhofaza zonasi va qirgʻoq boʻyida taxminan 4 gektarga yaqin maydonda qazish ishlari amalga oshirilganligi maʼlum boʻldi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa qariyb 62,3 milliard soʻmni tashkil qildi.

    Yuqoridagi har ikki holatga huquqiy baho berish, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrish va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida barcha hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.