Chirchiq daryosidan noqonuniy qum shagʻal qazib olish holati aniqlandi

    Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan noqonuniy qum shagʻal qazib olish holatlarini aniqlash boʻyicha, reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarish vazirligi xabar berdi.

    Oʻtkazilgan reydlar davomida Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi muhofaza mintaqasidan texnika vositalari yordamida qum-shagʻal qazib olinayotganligi aniqlandi.

    Taʼkidlash joizki, 2024-yil 1-maydan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan.

    Holat natijasida Vazirlar Mahkamasining “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2022-yil 20-yanvardagi 666-sonli qaroriga asosan tabiatga 183 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi.

    Maxsus texnika vositalari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 291-moddasi tegishli bandiga asosan vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.

    Holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish uchun hujjatlar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga yuborildi.