Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 8-oktyabrdagi jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizning barcha mahalla, tuman va shahar, viloyatlar kesimida “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftarini” tuzishga koʻrsatma berib oʻtgan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Chirchiq shahrida qator islohatlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov boshchiligida sektor rahbarlari, Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputatlari, korxona va tashkilotlarning mutasaddilari ishtirokida sayyor qabullarni uyushtirib, aholi murojaatlari, muammo va takliflari oʻrganilib, tegishliligicha imkon qadar murojaatlar shu joyning oʻzida bartaraf etishga, yechim topishga erishilmoqda.
Jumladan, Chirchiq davlat pedagogika institutida Chirchiq shahar hokimi raisligida ochiq muloqot oʻtkazildi. Aholi, ayniqsa, yoshlar ishtirokida boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik, kichik biznes, va bandlikning boshqa samarali shakllarini rivojlantirish boʻyicha taklif va murojaatlar tinglandi. Fuqarolarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi, yoshlarning ish soʻrab yoki biznes – loyihalari boʻyicha murojaatlari eshitilib, atroflicha tushuncha va tavsiyalar berildi. Har bir yoʻllangan murojaat ishchi-guruhlar tomonidan imkoniyatlardan kelib chiqib, ijobiy hal etilishi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, Chirchiq shahar hokimligining majlislar zalida mahalla faollari va asosan ish bilan band boʻlmagan, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan xotin-qizlar ishtirokida “Ayol va raqamli iqtisodiyot” nomli oʻquv-seminar tashkil etildi. USAIDning “Tadbirkorlik va ish bilarmonlik muhitini rivojlantirish” loyihasi asosida “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi koʻmagida oʻtkazilgan ushbu seminardan aosiy maqsad, Toshkent viloyatida ishbilarmon ayollar uchun elektron tijoratni rivojlantirishdir.
Loyiha rahbari, Toshkent viloyati deputatlar kengashi NNT bilan ishlash doimiy komissiya raisi, “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi raisi Saodat Tursunboyeva raisligida oʻtgan seminarda ushbu loyihaning maqsad va vazifalari haqida taklif etilgan mutaxassislar tomonidan atroflicha axborot berildi. Mazkur seminarda qatnashgan shahar hokimi Sanjar Yusupov ushbu fursatdan foydalanib, xotin-qizlarning muammo va takliflarini tinladi va oʻrtaga tashlangan taklif va muammolar yechimida shaxsan hokimning oʻzi bosh-qosh boʻlishini aytib, yoʻnalishlar boʻyicha korxona va tashkilotlarga topshiriqlar berdi. Seminar yakunida xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi.
Ilhom RAHMONOV