Sportni rivojlantirish vaziri “Aleksandr Makedoniskiy” ordeni bilan taqdirlandi

    Joriy yilning 23-24-sentyabr kunlari Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Universitet sporti: millat salomatligi va farovonligi” mavzusida talabalar va yosh olimlarning XI Xalqaro ilmiy anjumani oʻtkazildi.

    Anjuman avvalida kitoblar, ilmiy ishlanmalar va patentlar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Shundan soʻng anjumanni Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Abdullo Aslonov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Shu bilan birga, Jismoniy tarbiya va sport universitetlari Xalqaro Assotsiatsiyasi Prezidenti Kayrat Zakiryanov ham anjuman ishtirokchilari va mehmonlarini xalqaro konferensiya bilan tabrikladi va faxrli mehmon tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziriga “Aleksandr Makedoniskiy” ordeni topshirildi. Uni vazir oʻrinbosari Abdullo Aslonov qabul qilib oldi.

    Anjuman davomida yalpi majlis doirasida bir qator xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan sohadagi muhim yoʻnalishlar boʻyicha maʼruzalar qilindi.

    Shuningdek, Moldova davlat jismoniy madaniyat va sport universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Vyacheslav Grigoryevich Manolakiga Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faxriy professor unvoni berildi.

    Plenar yigʻilishdan soʻng konferensiya oʻz ishini beshta seksiya boʻyicha davom ettirdi.

    Xalqaro konferensiya davomida delegatsiya rahbarlarining uchrashuvi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti: Moldova davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Ozarbayjon davlat jismoniy tarbiya va sport akademiyasi, Qirgʻiziston davlat jismoniy tarbiya va sport akademiyasi, Moskva davlat jismoniy taʼlim-tarbiya akademiyasi, Sibir davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Voronej davlat jismoniy tarbiya institutlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.