Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻyicha 400 milliondan ortiq inson giyohvandlik illatiga duchor boʻlgan boʻlib, har yili bu illat oqibatida 300 mingga yaqin odam hayotdan koʻz yummoqda.
Shu bois, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish masalasi huquq-tartibot idoralarining doimiy eʼtiborida.
Shu munosabat bilan, Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida tezkor tadbir oʻtkazdi.
Tadbir davomida 1981-yilda tugʻilgan, muqaddam ikki marotaba sudlangan fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, 3 dona sintetik qopda saqlanayotgan 20 kilogramm 658 gramm marixuana giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro ushbu moddani kelgusida sotib, oson yoʻl bilan pul topish maqsadida yetishtirgan.
Hozirda unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalarini yoki psixotrop moddalarni noqonuniy oʻtkazish”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Qonunga koʻra, mazkur moddada nazarda tutilgan jinoyat uchun 10-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.








