Tadbir ishtirokchilari tumanda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʼlamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Joriy yilda tuman xalq taʼlimi boʼlimiga qarashli umumtaʼlim maktablarning bino va inshootlari, infrastrukturasi va moddiy-texnika taʼminoti tizimida boʼlgan oʼzgarishlar, yangilanishlar, ulkan qurilish bunyodkorlik ishlari, tumanning lalmikor yerlarini tomchilatib sugʼorish evaziga bunyod etilgan yangi bozorlarda amalga oshirilayotgan ishlarning guvohi boʼlishdi.
Press-tur davomida tuman markazidan olis – "Navroʼz" mahallasining Hayitkul qishlogʼida qurilib, foydalanishga topshirishga topshirilgan, 180 nafar oʼrinli 199-umumtaʼlim maktabi bilan tanishdi, unda oʼquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Yangi maktab binosining barpo etilishi tuman markazidan olis qishloq yoshlariga sifatli taʼlim-tarbiya berish, turmush sharoitini yaxshilash borasida davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida olib borilayotgan keng qamrovli amaliy ishlarning yorqin namunasidir.
Hayitkul qishlogʼida 988 million soʼmdan ziyod mablagʼ evaziga oʼquvchilarning puxta bilim olishi, intellektual salohiyatini oshirish, barkamol qilib tarbiyalash uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Navbatdagi manzil obod goʼshaga aylangan Oqoltin qishlogʼi boʼldi. Yurtning kelajagi boʼlgan yoshlarni tarbiyalash, avvalo, maktabdan boshlanadi. Shu jihatdan, Oqoltin qishlogʼidagi 70-maktabning paxsa devorli ikki filiali oʼrnida 192- va 212-umumtaʼlim maktablarining yangidan qurilishi va tashkil etilishi aholining ayni koʼnglidagi ish boʼldi.
Bugun esa tadbir ishtirokchilari qishloqdagi 70-maktabning birinchi filiali sifatida faoliyat olib borgan sobiq paxsa devorli 4 xonali koʼrimsiz filial oʼrnida 176 oʼrinli barcha qulayliklarga ega ikki qavatli 192-maktabi hamda shundoqqina maktab yonida savlat toʼkib turgan mahalla markazining zamonaviy barcha qulayliklarni oʼzida mujassam etgan binosida yaratilgan shart-sharoitlarni guvohi boʼlishdi.
– Prezidentimizning Qashqadaryoga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida Chiroqchi tumanidagi paxsa devorli 17 ta maktab binosi oʼrnida yangi zamonaviy maktablarning oʼquv binolari qurilib, foydalanishga topshirildi, – deydi Chiroqchi tuman xalq taʼlimi boʼlimi mudiri Farhod Jumanov. – Shuningdek, investitsiya dasturi asosida 29 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilgan boʼlsa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlari doirasida esa 4 ta maktab binolarida qurilish-taʼmirlash ishlari nihoyalanib qoldi.
Chiroqchi tumani markazidan 70-80 km olisdagi qoʼshni Samarqand viloyati bilan chegaradosh "Umakay" mahallasi Qoʼchqorbuloq qishlogʼida investitsiya dasturi asosida 136-umumtaʼlim maktabining yangidan bunyod etilgan 240 oʼrinli yangi oʼquv binosi va u yerda oʼquvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni koʼzdan kechirishdi.
Tadbir ishtirokchilari tumanning 1-sektor hududi "Beglamish" mahallasida tomchilatib sugʼorish texnologiyasi asosida lalmikor yerlarda yaratilgan "Beglamishsoy" uzumchilik kooperatsiyasi faoliyati bilan ham tanishish imkoniyatiga ega boʼldi.
Аyni paytda “Beglamishsoy ” kooperatsiyasiga birlashgan 321 nafar aholi vakillari serhosil uzum navlarini yerga qadab parvarishlashmoqda.
– Tuman markazidan olis qishloqlarda amalga oshirilgan va oshirilayotgan amaliy ishlarni koʼrib juda xursand boʼldim, – deydi mehnat faxriysi Meyliboy Joʼraev. – Bu yerdagi oʼzgarishlarni oldin faqat televizorda tomosha qilardik. Mana, endi oʼzimiz koʼrib guvohi boʼlyapmiz. Bu tadbir bizga juda maʼqul boʼldi. Yangilanish va oʼgarishlar koʼnglimizni yangirtirdi. Nevaralarimizning mana shunday taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya olishini koʼrib, quvondik.