Chorsu bozorida 95 kg isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar aniqlandi

    Shu yilning 20-avgust kuni Poytaxtdagi Chorsu bozorida Sanepidqoʻmita tomonidan rastalarda sotilayotgan mahsulotlarning isteʼmolga yaroqliligi boʻyicha nazorat tadbiri oʻtkazildi.

    Bu haqda Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

    Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Shayxontohur tuman boʻlimi masʼullari tomonidan Eski Juva dehqon bozorida bozor Veterinariya sanitariya ekspertiza laboratoriyasi, IIB xodimlari hamda bozor maʼmuriyati xodimlari bilan hamkorlikda reyd tadbirlari davomida bozorning sanitariya holati, oziq-ovqat mahsulotlarini sifat koʻrsatkichi oʻrganildi.

    Sotuvchilarga ovqatdan zaharlanish, botulizm kasalliklarini oldini olish haqida hamda sanitariya-gigiyenik talablarga rioya qilib ishlash kerakligi haqida tegishli tavsiyalar berildi. Noqonuniy tarzda sotilayotgan savdo holatlari bartaraf etildi.

    Shuningdek, nazorat tadbirlari natijasida sifati kafolatlanmagan, isteʼmolga yaroqsiz mahsulotlar aniqlandi:

    — 600 dona tuxum;

    — 45 kg poliz mahsulotlari;

    — 18 kg xamir mahsuloti;

    — 4 litr konserva mahsuloti;

    — 10 litr sut;

    — 7 kg suzma;

    — 6 kg tvorog;

    — 5 kg qurt oziq-ovqat mahsulotlari oʻrnatilgan tartibda savdodan olinib brakeraj qilindi.