Bugun, soat 12:07 da Favqulodda vaziyatlar vazirligi g‘avvoslari Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan 3 nafar fuqarolardan ikkinchisini jasadini topishdi. Soat 13:35 da Uchinchi cho‘kib ketgan odamning jasadini ham topishdi.
Eslatib o‘tamiz, baxtsiz hodisa 2-sentabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan edi. Katerda sayr qilish paytida oila a’zolaridan biri cho‘milish uchun suvga tushgan. Qutqaruv nimchasi bo‘lmagani uchun u cho‘kkan va unga yordam berish maqsadida akasi va otasi ham suvga tushishgan. Oqibatda uchalasi ham cho‘kib ketishgan. Kichik o‘g‘lining jasadi kecha, 9 sentyabr kuni FVV g‘avvoslari tomonidan topilgan. Ta’kidlanganidek, bugun yana bir o‘g‘il va otasining jasadi topilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligining tezkor tashkil etilgan shtabi, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining qo‘shimcha kuch va vositalarini jalb qilish, shuningdek, eng yangi zamonaviy qidiruv uskunalarini ishga solish orqali qidiruv ishlari samaradorligiga erishildi. Suv omborining hajmi kattaligi hamda uning chuqurligiga qaramay, cho‘kib ketganlarni qidirish ishlari nisbatan qisqa vaqt ichida yakunlandi. Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni suv obyektlarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqiramiz.