9-fevral – buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludi kuni hamda 14-fevral — ulugʻ shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kunini keng nishonlash maqsadida Xorazm viloyatida barcha shahar va tumanlarida, taʼlim muassasalarida, mehnat jamoalarida, mahallalarda ikki buyuk bobokalonimizning tavalludi kuniga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi.
Ilmiy-amaliy anjumanlarda, adabiy-badiiy tadbirlarda adabiyotshunos olimlar, tarixchilar, ijodkorlar soʻzga chiqib, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy merosi haqida atroflicha toʻxtaldilar. Ulugʻ shoirlarning gʻazallari ifodali oʻqildi. Buyuk bobokalonlarimiz gʻazallari asosida bastalangan mumtoz qoʻshiqlarni hofizlar, yosh isteʼdod egalari mahorat bilan ijro qildilar.
Maxmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida, viloyat bolalar kutubxonasida, taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazlarida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodlariga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil etildi. Kutubxonalarda yozuvchi, shoirlar, olimlarning kitobxonlar bilan uchrashuvlari oʻtkazildi. Har bir uchrashuv uning qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
Shuningdek, 14-fevral yurtimizning yana bir ulugʻ shoiri – Omon Matjon tavallud topgan kundir. Sevimli shoirimiz tavalludi kuni munosabati bilan ham Xorazm vohasida koʻplab adabiy-badiiy tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, Yangibozor tumani markazidagi istirohat bogʻida ulugʻ shoir xotirasiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi va shoirning byusti tantanali ravishda ochildi. Mazkur tadbirda ijodkorlar, shoirning farzandlari, hamqishloqlari, mehnat faxriylari, ijodkorlar soʻzga chiqib, oʻzlarining dil soʻzlarini izhor etdilar. Omon Matjon sheʼrlarini yosh ijodkorlar ifodali oʻqishdi. Kuy-qoʻshiqlar yangradi.
Fevral oyi unutilmas lahzalarga boy boʻldi. 20-fevral xalqimizning yana bir sevimli shoiri, “Ofarin” mukofoti sohibi Matnazar Abdulhakim tavallud topgan kun. Bu unutilmas kun munosabati bilan ham viloyatimiz miqyosida koʻplab adabiy-badiiy, maʼnaviy-maʼrifiy va musiqali tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, 20-fevralda Matnazar Abdulhakim yashab ijod etgan uy peshtogʻida yodgorlik lavhasining ochilish tadbiri boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng shoirning ijodxonasi, boy kitob fondiga ega boʻlgan shaxsiy kutubxonasi bilan ham tanishildi.
Maxmud Zamaxshariy nomli viloyat axborot kutubxona markazida shoir tavalludining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbir, shuningdek, Xorazm viloyat musiqali drama teatrida Matnazar Abdulhakimning 75 yilligiga bagʻishlangan “Nazm va navo” kechasi boʻlib oʻtdi. Xorazm maʼmun akademiyasida, Urganch davlat universitetida ham shoir ijodi va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy-adabiy anjumanlar tashkil etildi.
— Ha, fevral — adabiyot, ijod, isteʼdod va unutilmas xotiralarga toʻla lahzalardan iborat boʻlgan oylardan biri boʻldi. Yurtimizning ulugʻ ijodkorlariga bagʻishlangan har bir tadbir, ayniqsa, yoshlar qalbiga yanada ezgulik, yaxshilik nurini bagʻishlaydi, — deydi viloyat hokimining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi R.Xudoyberganov. – Ushbu oy adabiyot,sanʼat, ijod bayramiga aylanib, qalblarga yanada nur, ziyo bagʻishladi.
Otabek Ahmedov,
Xorazm viloyati hokimligi
axborot xizmati mutaxassisi.