Buyruqqa koʻra, quyidagilar tasdiqlangan:
☑️ COVID-19 kasalligini alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv oʻtkazish tartibi;
☑️ COVID-19 kasalligini alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni uy sharoitida davolashga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish boʻyicha hududlarga biriktirilgan xodimlar roʻyxati;
☑️ Maʼmuriy hududlardan COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallanganlarning 10 kunlik tibbiy kuzatuvi monitoringi hisobot shakli;
☑️ Koronavirus aniqlangan bemorlar toʻgʻrisidagi maʼlumot shakli.
Vazir buyrugʻiga asosan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hamda hududlarning vaqtinchalik karantinga moslashtirilgan majmualarida COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan, ushbu hudud roʻyxatida turmaydigan fuqarolar yashash manziliga yuborilmasdan, COVID-19ʼni davolashga moslashtirilgan muassasalarda 10 kun davomida kuzatuvi va davolanishi tashkil etiladi.
COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan fuqarolar oʻz xohshiga koʻra statsionar sharoitda davolanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri, Toshkent shahar SSBB va viloyatlar SSB boshliqlari va hududiy SEOM rahbarlariga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
🔹2020-yil 5-iyul kunidan boshlab COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni belgilab berilgan sxema asosida tuman/shaharlarda tashkil etilgan mobil guruh (SEOM vakili, infeksionist, UASH) tomonidan saralash va uyda davolash uchun yetarli sharoit bor deb hisoblangan fuqarolarni belgilangan tartib asosida birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi muassasalari nazoratida 10 kun davomida uy sharoitida tibbiy kuzatuvi va davolanishini yoʻlga qoʻyish;
🔹yashash sharoiti sanitariya-epedimologik talablarga javob bermagan holatlarda, yakkalash imkoniyati boʻlmaganida, bemorlarni COVID-19 infeksiyasini davolashga moslashtirilgan muassasalarga joylashtirish;
🔹hududiy mahalla fuqarolari yigʻinlari bilan hamkorlikda uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan bemorlarni karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tegishli ishlarni olib borish va qatʼiy nazorat oʻrnatish;
🔹2 kun muddatda COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarni uyda davolash va epidemiologik surishtiruv oʻtkazish tartibini har bir birlamchi tibbiy sanitariya boʻgʻini muassasalari (QVP, QOP, OP, KTMP), tez tibbiy yordam xizmati hamda SEOM xodimlariga yetkazib, mohiyatini har tomonlama tushuntirish maqsadida onlayn oʻquv seminarlari tashkil etish;
🔹COVID-19 alomatsiz shakli bilan kasallanganlarning kunlik hisobotlarini alohida olib borish va taqdim etish.
Tuman/shahar tibbiyot birlashmalari qoshida tez tibbiy yordam mashinasi bilan mobil guruhlar tashkil etiladi. Ularning vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:
TTB tomonidan taqdim etilgan PZR natijalari asosida shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan, sanitariya-epdemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda bemorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, COVID-19 alomatsiz shaklini aniqlaydi.
COVID-19 alomatsiz turi bilan kasallanib, uyda kuzatuvga qoldirilgan bemorlar roʻyxatini tuman/shahar, viloyat SSB rahbarlariga tibbiy kuzatuv va davolash uchun, Ichki ishlar, Milliy gvardiyaning hududiy boʻlimlariga karantinni tashkil etish uchun taqdim etadi.
Kasallik belgilari aniqlanganida belgilangan tartibda BTSYOM bilan birgalikda zudlik bilan shifoxonaga yotqizish choralarini koʻradi.
Tibbiy koʻrik xulosalarini bemorning ambulator kartasida rasmiylashtiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.