Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmogʻi (ENOC) hamda YUNISEF tashabbusi bilan “Pandemiyaga qarshi kurashishda davlatlarning bolalarni himoya qilish boʻyicha harakatlarini baholashni qoʻllab-quvvatlash” mavzusida xalqaro onlayn uchrashuv oʻtkazildi. Tadbirda dunyoning 50 ta davlatlaridan bola huquqlarini himoya qilivchi milliy institutlar va xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning maqsadi Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmogʻi (ENOC) hamda YUNISEF tashabbusi asosida Yevropa va Markaziy Osiyodagi Bola huquqlarini taʼminlovchi idoralar yaʼni Bolalar Ombudsmanlari tomonidan COVID-19ning Bola huquqlarini taʼminlashga taʼsirini baholash (Child Rights Impact Assessments (CRIAs)) boʻyicha loyihani amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.

Maʼlumot uchun: ENOC – Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmogʻi (ENOC) - bu bolalar huquqlarini himoya qilish mustaqil institutlarining (ICRI) notijorat birlashmasi. Uning vakolati BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasida keltirilgan bolalar huquqlarini targʻib qilish va himoya qilishga koʻmaklashishdan iborat. ENOCga hozirda 34 ta davlatdan 43 ta bolalar huquqlari boʻyicha milliy istitutlar aʼzo.

Bunda baholash muayyan belgilangan joylarda bolalarning oʻziga xos zaif guruhlarini, shu jumladan muassasa parvarishidagi, hibsga olingan yoxud yopiq muassasalarda saqlanayotgan, zoʻravonlik taʼsiriga uchragan, majburiy mehnatga jalb etilgan yoki migratsiya paytida ushlangan bolalarni huquqlarini taʼminlanish darajasini baholashni qamrab oladi.

Tadbirda oʻzaro COVID-19 vaqtida bolalarning huquqlari yaʼni, ularning taʼlim olishi, oilada huquqlarini taʼminlanishi, shuningdek, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar, migrant bolalarning huquqlari qay darajada taʼminlanganligi holatlari hamda milliy institutlarning tajribasi yuzasidan fikr almashinildi. Shuningdek, COVID-19 kabi inqirozli vaqtlarda bolalar huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlatlarning tajribasini oʻrganish boʻyicha loyihani amalga oshirish masalasi koʻrib chiqildi.

Shotlandiyaning bolalar va yoshlar huquqlari boʻyicha vakili, ENOCning amaldagi raisi Bryus Adamson tomonidan loyiha yuzasidan barcha davlat tajribasi oʻrganilishini va ushbu loyixaga Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikalari ishtirok etish uchun taklif qilingani maʼlum qilindi.

Bryus Adamson bola huquqlari boʻyicha milliy institutlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekiston Respublikasi Bola huquqlari boʻyicha vakilning ENOCga aʼzo bola huquqlari boʻyicha milliy institutlar bilan bola huquqlarini himoya qilish sohasida keng qamrovli hamkorligini yoʻlga qoʻyish hozirda ustuvor vazifa ekanligini bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha

vakili (ombudsman) matbuot xizmati