— Butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi eng samarali chora vaksinatsiya ekani soʻzsiz tan olingan. Shunga qaramasdan, emlash jarayonlarida xushyorlikni yoʻqotmaslik, emlanuvchilar vaksina olishdan avval tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtishlari lozimligi bot-bot takrorlanmoqda.

Yurtimizdagi emlash jarayonlarida sogʻliqni saqlash sohasidagi xalqaro tashkilotlarning tegishli tavsiyalariga asosan fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, emlashga monelik qiluvchi holatlar boʻlganda tegishli choralar koʻrilmoqda:

Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:

vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi boʻlgan shaxslar;

anamnezida ogʻir allergik reaksiyalari boʻlgan shaxslar;

oʻtkir yuqumli va yuqumsiz xastaliklar bilan kasallanganlar;

homilador va emizuvchi ayollar (vaksinaning ushbu kontingentga xavfsizligi toʻgʻrisida maʼlumot yetarli emasligi sababli);

18 yoshgacha boʻlgan bolalar;

OIV infeksiyasiga chalingan shaxslar (vaksinaning ushbu kontingentga xavfsizligi toʻgʻrisidagi maʼlumot yetarli boʻlmagani sababli);

koronavirus infeksiyasining oʻtkir shakli simptomlari boʻlgan bemorlar;

laboratoriyada “COVID-19”ga topshirilgan PZR tekshiruv testi musbat natija bergan shaxslar.

COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan kishi bilan aloqada boʻlgan odam tibbiyot muassasasida davolanayotgan boʻlsa, tuzalgandan keyin 3 oydan soʻng emlanishi maqsadga muvofiq.

Emlashga boʻlgan barcha turdagi moneliklar emlash punktlarida roʻyxatga olinadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.