Tadbir 2020-yil 22-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi tomonidan oʻtkazildi.
Vebinarda Buyuk Britaniya va Hindiston mutaxassislari oʻzlarining taqdimotini oʻtkazdilar. Tadbirda mamlakat parlamenti Qonunchilik palatasi vakillari, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash tizimi mutaxassislari ishtirok etdilar.
London Qirollik gospitalining Foundation dasturi direktori va American Heart Association jurnali muharrirlaridan biri Doktor Adjay Guptaning taʼkidlashicha, COVID-19 bilan kasallanganlar soni boʻyicha AQSH (16,3 million nafar) va Hindiston (9,9 million nafar) birinchi oʻrinda egallagan ekan. Shuningdek, aynan ushbu ikki mamlakatda oʻlim koʻrsatkichi ham baland ekan. Bu koʻrsatkich AQSHda 1,83 foizni tashkil etsa, Hindistonda 1,46 foizni tashkil etadi ekan. Dunyo boʻyicha bugun 72 million kishi COVID-19 bilan kasallanganlar sifatida roʻyxatga olingan. Oʻzbekiston epidemiyani yetarli darajada jilovlagan. Mamlakatda bugun 75 ming 240 kishi kasallangan boʻlib, oʻlim holati 0,86 foizni tashkil etadi.
Doktor A. Gupta xalqaro tajribaga tayangan holda kasallikning asosiy alomatlari, COVID-19ning oʻpkadan tashqarida paydo boʻlishi, kasallikning kechishining har xil shakllarining har xil mamlakatlarda qabul qilingan bemorlarni davolash algoritmiga xos xususiyatlari, shuningdek, dori vositalarini qoʻllash boʻyicha soʻngi maʼlumotlarni taqdim etdi. Butun dunyodagi mutaxassislar polipragmaziyadan, yaʼni koʻp miqdorda dori qabul qilishdan cheklanish kerak deb hisoblaydi. U sogʻayish jarayonini ogʻirlashtirib yuborar ekan.
Xususan, COVID-19ning yengil va oʻrtacha ogʻir shaklida, yaʼni shifoxonaga yotqizmasdan davolashda deksametazonni qoʻllash tavsiya etilmasligi taʼkidlanadi. U shuningdek, shifoxonaga yotqizilgan boʻlsada, kasallikning kislorod yordamiga ehtiyoj boʻlmagan holatda ham tavsiya etilmaydi. Ushbu keltirilgan holatlarda, shuningdek remdesivirni qoʻllashga qarshilik qilish yoki aksincha uni tavsiya etish uchun aniq asoslar yoʻq. Lekin u kasalligi avjga chiqish xavfi yuqori boʻlgan bemorlar uchun foydali boʻlishi mumkin.
Shunday qilib, kasallikning kechishining har bir shakli oʻz koʻrsatishiga ega, har bir dori vositasi esa bemorning individual holati tahlilidan kelib chiqib qoʻllanilishi kerak.
Vebinar davomida oʻzbekistonlik va chet ellik mutaxassislar oʻrtasida aniq kelishuvlar bilan yakun topgan muloqotlar boʻlib oʻtdi. Xususan, doktor Adjay Gupta va Milliy palata Maslahat Kengashi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Asamiddin Kamilov amaldagi shifokorlar uchun kasallanishning dastlabki 4-5 kunlarida COVID-19ning rivojlanish prognozi algoritmini ishlab chiqish haqida qaror qabul qildilar. Ushbu yoʻnalishdagi ishlanmalar koʻpgina mamlakatlarda mavjud. AQSH, Buyuk Britaniya mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan algoritmlarni, shuningdek Oʻzbekiston mutaxassislari tajribasini tahlil etish va ular asosida shifokorlarga eng avvaldan aniqlashning maqbul variantini taklif etish rejalashtirilgan.
COVID-19ning hiylasi shundaki, kasallangan kishi dastlabki kunlarda oʻzini yaxshi his etishi mumkin. 5-6 kunlarga kelib esa, ahvol toʻsatdan yomonlashishi mumkin. Algoritm esa shifokorlarga kasallikning dastlabki kunlaridayoq bunday yomonlashishini avvaldan aniqlash va COVID-19ning yomon kechishining oldini olish imkonini beradi.
Vebinar davomida Mahajan Imaging (Nyu-Deli, Hindiston)ning asoschisi va bosh radiologi doktor Xarsh Maxadjan ishtirokchilarni COVID-19ni radiologik tashhislash boʻyicha soʻngi xalqaro tajriba bilan tanishtirdi.
Ishtirokchilarni COVID-19ni tashhislashda oʻpkaning kompyuter tomografiyasi (MSTK)ning soʻngi maʼlumotlarini rasshifrovka etish bilan birga koʻkrak qafasining rentgenografiyasini qoʻllash tajribasi ham qiziqtirib qoldi. Shunday qilib, koʻkrak qafasi rentgenografiyasi tahlilining maʼlum koʻnikmasiga ega boʻlgan shifokor COVID-19 bilan kasallangan bemor holatini aniqroq tashhislashi va davolash ishlarini olib borishi mumkin.
Shuningdek, Milliy palata tomonidan radiologiya sohasida sunʼiy intellektni qoʻllash boʻyicha Mahajan Imaging tajribasi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga birga joriy etish uchun istiqbolli tajriba sifatida batafsil oʻrganildi.
Vebinar shifokorlarga COVID-19 bilan kasallangan bemor holatini kasallikning har xil bosqichida tashhislash va uni individual davolash boʻyicha eng soʻngi xalqaro tajriba va tavsiyalar bilan tanishish imkonini berdi, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati.