Italiya va Avstraliyalik olimlar 2020-yilning yanvar oyidan boshlab dekabr oyiga qadar 5617 nafar bemorlarda olib borgan kuzatuvlari natijasida 19ta ilmiy ish yozishgan. Ushbu tadqiqotlar natijasi International Journal of Infectious Diseases jurnalida chop etilgan.
Barcha tadqiqotlar natijasi umumlashtirilganda, COVID-19 ogʻir kechish yoki oʻlim bilan tugagan bemorlarda zardobli amiloid A (serum amyloid A) yoki SAA miqdori keskin koʻpayishi kuzatilgan.
Olimlar aytishiga qaraganda, kasallik yengil kechgan bemorlarga nisbatan ushbu bemorlarda birinchi 24-48 soat ichida SAA miqdori 1000 barobar oshib ketishi kuzatilgan.
SAA miqdori keskin oshgan bemorlarda sitokin shtormi yoki gipersitokinemiya ham sodir boʻlishi mumkin. Bu esa oʻz navbatatida kasallikning oʻta ogʻir kechishiga olib keladi. Bunday bemorlarda yalligʻlanish holatlari oshishi, qon quyulishi, oʻpka, yurak va jigarlar ogʻir jarohatlanishi kuzatilgan.
Yuqorida oʻtkazilgan ilmiy ish va xulosalarning asosiy foydasi shundaki - SAA miqdori koʻrsatgichi orqali, COVID-19 ogʻir kechishini oldindan aniqlab davolash muolajalarini tezroq va aniqroq belgilash mumkin, - deyilgan xabarda.
SAA miqdori keskin oshishi, aksariyat hollarda, ortiqcha vaznga ega boʻlgan, qandli diabetga chalingan, surunkali yurak-qon tomir kasalliklari bor boʻlgan bemorlarda kuzatilgan.