COVID-19ga qarshi emlanish, aholini emlanishga ergashtirish dunyoning koʻplab mamlakatlari uchun dolzarb. Masalan, bir qator Yevropa mamlakatlarida aholi, shu jumladan tibbiyot xodimlari vaksinalarga shubha bilan qaramoqda. 2020-yilning noyabr oyida COSMO loyihasi doirasida Germaniyaning Erfurt universiteti, Robert Kox nomidagi institut va Sogʻliqni saqlash sohasidagi Federal axborot markazi oʻtkazgan soʻrov natijalariga koʻra, tibbiyot xodimlari orasida koronavirusga qarshi emlanishga tayyorlik 7 ballik shkala boʻyicha 3,98 ballni tashkil etdi. Aholi orasida esa ushbu koʻrsatkich yuqori boʻldi — 4,45 ball.
Ushbu tendensiyani oʻtgan yilning dekabr oyi boshlarida intensiv va shoshilinch tibbiyotning ikkita kasbiy birlashmasi —DGIIN va DIVI tomonidan 2 300 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma ham tasdiqladi. Soʻrovnoma natijalariga koʻra, nemis shifokorlarining 73 foizi, hamshiralar va sanitarlarning atigi 50 foizi koronavirusga qarshi emlanishga tayyorligini bildirdi. Ekspertlarning taʼkidlashicha, koʻplab hamshiralar va sanitarlar yangi vaksinalar yetarlicha sinovdan oʻtganiga ishonchi komil emas, yangi texnologiyalar qanday nojoʻya taʼsirlarga olib kelishi hali nomaʼlum.
Bu kabi qarashlar Rossiyada ham kuzatilmoqda. Masalan, 2020-yilning 12—13-avgust kunlari “Spravochnik vracha” (“Shifokor maʼlumotnomasi”) ixtisoslashtirilgan ilova orqali oʻtkazilgan soʻrovda ishtirok etgan 3 040 nafar shifokor-mutaxassislarning 52 foizi Gamaleya markazida yaratilgan koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasini olishga tayyor emasligini bildirgan. Respondentlarning 24,5 foizi emlanishga rozi boʻlgan.
Oʻtgan yilning avgust oyida roʻyxatdan oʻtkazilgan vaksinaga ishonchsizlik bildirilishining sabablari nimada? Respondentlarning 66 foizi ushbu savolga javob berar ekan, uning samaradorligi toʻgʻrisida yetarli maʼlumotga ega emasliklarini maʼlum qilgan. Vaksinaning juda qisqa vaqt ichida yaratilgani respondentlarning 48 foizini ikkilantirib qoʻygan. Soʻrov ishtirokchilarining 20 foizi bemorlarga, hamkasblariga yoki tanishlariga emlanishni tavsiya qilishini aytgan.
Hozirda Oʻzbekistonda Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Anhui Zhifei Loncom Biofharmaceutical tadqiqot markazi hamkorligida COVID-19ga qarshi yangi — ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 3-klinik sinov bosqichi davom etmoqda.
ZF-UZ-VAC 2001 rekombinant vaksinasining klinik tadqiqotlari yurtimizda 2020-yilning 12-dekabrida boshlandi, 16-dekabrda esa ilk koʻngilliga birinchi vaksina yuborildi. Shu kundan beri jami 14 405 nafar koʻngilli skriningdan oʻtkazildi. Ulardan 13 100 nafari COVID-19ga ekspress test, 9 970 nafari PZR tahlili orqali tekshirildi. COVID-19 infeksiyasi aniqlanmagan koʻngillilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Joriy yilning 24-mart holatiga 6 860 nafar koʻngilli Oʻzbekiston—Xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining birinchi dozasi bilan, 6 630 nafar koʻngilli ikkinchi dozasi bilan va 2 964 nafar koʻngilli uchinchi dozasi bilan emlandi. Biroq statistikadan tashqari, emlanganlarning ahvoli, tadqiqot natijalari (hech boʻlmaganda oraliq natijalari) haqida rasmiy maʼlumot yoʻq. Bu, oʻz navbatida, turli mish-mishlar va taxminlarning paydo boʻlishiga, aholi oʻrtasida emlanishga nisbatan ishonchsizlik ortishiga olib keladi.
Respublikamizga Xitoydan tashqari yana boshqa davlatlardan vaksinalar olib kelinishi rejalashtirilgan. Tez orada boshlanadigan emlash tadbirlari haqida Internet foydalanuvchilarining kayfiyati va fikrlarini bilish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati 29—31-mart kunlari Telegram messenjerida onlayn-soʻrov oʻtkazdi. Uch kun davomida deyarli barcha viloyatlardan 19 mingdan ziyod ishtirokchilar qamrab olindi (xususan, ushbu onlayn-soʻrov messenjerdagi 30 dan ortiq kanal va guruhlarda chop etildi).
Eʼtiborlisi, onlayn-soʻrovda respondentlarning 44 foizi (8 599 ovoz) “Emlanmayman” variantini tanladi. Soʻrov ishtirokchilarining uchdan bir qismi — 34 foizi (6 641) Rossiyaning “Sputnik V”, 8 foizi (1 516) Xitoy—Oʻzbekiston hammuallifligidagi “ZF-UZ-VAC2001” va 7 foizi (1 351) AQSH—Germaniya ishlab chiqargan “Pfizer/BioNTech” vaksinalariga ovoz berdi. Respondentlarning 5 foizi (959) “AsrtaZeneca” (Buyuk Britaniya), 2 foizi (327) “Moderna” (AQSH) vaksinalarini tanladi.
Albatta, bu maʼlumotlarni toʻliq sotsiologik kesim sifatida hisoblash nooʻrin, ammo shunga qaramay, oʻzbekistonliklarning maʼlum bir qismi emlanishni rad etadi, deyish mumkin.
Soʻrov davomida ayrim foydalanuvchilar izohlar va Telegram bot orqali bir qator oʻrinli savollarni qoldirishdi. Jumladan:
• Nima uchun emlanganlarning sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumot yoʻq?
• Turli xildagi vaksinalarning odamlarda nojoʻya taʼsiri qanday?
• Emlash jarayoniga qanday tayyorgarlik koʻrish kerak?
• Kishi koronavirus bilan kasallangan va antitanachalarga ega boʻlsa ham emlanishi zarurmi?
• Emlanishdan keyin yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar va xavflar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotni qayerdan olish mumkin?
• U yoki bu vaksinani tanlashda davlat organlari, shu jumladan Sogʻliqni saqlash vazirligi qaysi faktorlarni inobatga olgan? Dastlabki tadqiqotlar oʻtkazilganmi?
Mutaxassislarning fikriga koʻra, emlanishdan bosh tortish — har doim ham qoʻrquv yoki ishonchsizlik bilan bogʻliq emas. Asosiy sabablardan biri odamlarning COVID-19ga qayta chalinayotganidir. Kasal boʻlmaganlarning bir qismi boshqa vaksinani kutmoqda, boshqa qismi esa ularda yoki qarindoshlarida emlanish qanday oʻtishidan xavotirda. Baʼzilar nojoʻya taʼsirlardan qoʻrqishadi. Qoʻrquv vaksina sifatiga ishonchsizlikni ham keltirib chiqaradi.
Yana boshqa omillardan biri aholining sogʻliqni saqlash tizimidan toʻla qoniqmasligidir. Odamlar ortiqcha byurokratiyaga, katta navbatlarga duch kelishdan qoʻrqadi, vaksina asoratlari boʻlgan taqdirda ularga malakali tibbiy yordam oʻz vaqtida koʻrsatilishiga shubha bilan qaraydi, samarasiz tashkil etilgan emlash jarayoni ularning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirishi mumkinligidan xavotirlanadi.
Muammoga yechim izlash uchun vaziyatli choralar emas, balki tizim kerak. Birinchi navbatda, fuqarolarning tibbiyotga boʻlgan institutsional ishonchsizligini bartaraf etish lozim. Tibbiyot xodimlari va oddiy fuqarolar oʻrtasida emlash toʻgʻrisida ommaviy va ochiq axborot kampaniyasini boshlash zarur.
Shu nuqtayi nazardan “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagilarni taklif qiladi:
- Respublika aholisining vaksinaga boʻlgan ehtiyojlari va ularning afzalliklarini oʻrganish uchun toʻliq sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish. Emlash uchun katta moliyaviy xarajatlar, shu jumladan davlat byudjeti mablagʻlari talab etiladi, shuning uchun olingan maʼlumotlar xaridlar jarayonida va jarayonni tashkil etishda hisobga olinishi kerak. Davlat rahbari murakkab masalalarni hal qilishda aholining fikri va kayfiyatini inobatga olish zarurligini bir necha marta taʼkidlagan.
- Emlashni amalga oshiradigan mutaxassislarni oʻqitish, emlanishga xayrixoh boʻlmagan yoki ruhan tayyor boʻlmagan auditoriya bilan ishlash boʻyicha treninglar tashkil etish. Bu tibbiyot xodimlariga turli toifadagi bemorlar bilan emlash masalalarida muloqot qilish malakalarini rivojlantirishga imkon beradi.
- Bemorlarga axborot yetkazishda norasmiy yondashish, xabarlarni tushunarli tarzda yetkazish. Ushbu maqsadlarga turli yosh guruhlaridan iborat volontyorlarni jalb qilish mumkin. Zamonaviy multimedia texnologiyalaridan — infografika, videofilmlar va boshqalardan foydalanish oʻz samarasini beradi.
- Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa masʼul idoralar tomonidan toʻlaqonli va ishonchli maʼlumotlarni, aytaylik, “COVID-19 vaksinalari haqida haqiqat” rukni ostida oʻz manbalarida (shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda) taqdim etish. Bunda alohida vaksina shisha idishini ishlab chiqarishdan tortib, maʼlum bir kishiga yetkazish jarayonini koʻrsatish mumkin. Emlanishdan keyingi har qanday asoratlar toʻgʻrisidagi axborot — faktlar, tushuntirishlar va statistik maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish muhim, shunda uydirmalarga, jamoatchilik fikri manipulyatsiya qilinishiga oʻrin qolmaydi.
- Vaksinalar haqidagi afsonalarni yoʻqqa chiqarish. Vaksinalar haqida maʼlumot izlaganda, birinchi galda, “fitna nazariyalari” emas, balki ishonchli ilmiy dalillar paydo boʻlishi ahamiyatlidir.
- Taniqli davlat va jamoat arboblarining emlanish jarayonini namoyish etish, faol fuqarolarning fikrlarini berib borish. Vaksina olganlarning ijobiy fikrlari aholini qoʻrquvdan xalos etishi mumkin. Misol tariqasida COVID-19ga qarshi emlangan taniqli blogerlar va inflyuyenserlar tomonidan “onlayn kundalik”lar olib borilishi mumkin.
Bundan tashqari, “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagilarga tayyor:
- emlashni amalga oshirishga masʼul boʻlgan davlat tuzilmalari, milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda “jamoat eshituvlari”ni tashkil etish;
- ushbu yoʻnalishda volontyorlarni tayyorlashga koʻmaklashish (Volontyorlar assotsiatsiyasi bilan birgalikda);
- emlash boʻyicha turkum chiqishlar qilish, xususan, ekspertlar xulosalarini berib borish, infografikalar tayyorlash.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati