Daniyada AstraZeneca va Oksford universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan vaksina bilan emlash vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqda Daniya sogʻliqni saqlash va dorilar boʻyicha boshqarmasi bayonotida maʼlum qilindi.

Ushbu vaksina bilan emlanganlarda qon quyuqlashishi yuz bergani toʻgʻrisidagi xabarlardan soʻng mazkur qaror qabul qilingan. Ana shunday xabarlardan birida emlangan fuqaro vafot etgani aytilgan.

Hozircha vaksina va qon quyuqlashishi holatlari orasida bogʻliqlik bor-yoʻqligi aniq emas. Emlash 14 kunga toʻxtatilgan boʻlib, shundan soʻng vaziyat yana oʻrganiladi.

Boshqarma bayonotida qon quyuqlashishi bilan bogʻliq holatlar necha marta va qayerda yuz berganligi aytilmagan.