Joriy yil 3-30-aprel kunlari boʻlib oʻtayotgan mazkur koʻrgazma Daniyadagi vatandoshlar tashkiloti – “Oʻzbek tashabbuslari uyushmasi” tomonidan tashkil etildi.
Unda milliy anʼanaviy toʻqimachilik hunari, abrbandi sanʼati — ipak qurti pillasi va paxta tolasidan ip olishdan tortib to tayyor matolargacha boʻlgan jarayonlarni aks ettiruvchi fotosuratlar, goʻzal matolar, shuningdek, koʻrgazmali qurollar namoyish etilyapti.
Loyiha muallifi, “Oʻzbek tashabbuslari uyushmasi” rahbari Maʼrifat Akbarova oʻtgan yili avgust oyida Margʻilon shahridagi anʼanaviy xalqaro “Atlas bayrami” festivalida ishtirok etib, Daniyada doimiy koʻchma koʻrgazmani tashkil etishga bel bogʻlaganini taʼkidladi.
Tadbir doirasida “Adras matolari naqshlaridan ilhom olib chizing” mavzusida kreativ vorkshop uyushtirildi. Unda dizayner-tikuvchi Zulfizar Ahmedova tomonidan qiziqarli mashgʻulotlar oʻtkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Koʻrgazma davomida ipak qurti pillasidan tortib to tayyor matogacha boʻlgan jarayonning guvohi boʻldik. Biz bu sanʼatning uzoq tarixi, xususan uning sobiq ittifoq davrida deyarli yoʻqolishi va Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach yana qayta tiklanganligi hamda bugun dunyoga keng targʻib etilayotgani haqidagi muhim maʼlumotlar bilan tanishdik. Ushbu sanʼat qadim oʻzbek madaniyatini oʻzida ifoda etgani bilan hayratlanarlidir”, – dedi koʻrgazma mehmoni Aske Yervin.
“Tashrif buyuruvchilar faqat goʻzal va bejirim matolarni koʻrish bilan cheklanib qolmaydilar. Ular butun toʻquv jarayoni, yaʼni ipak va paxta iplari qanday tayyorlanishi hamda oʻzbek hunarmandchilik sanʼati anʼanalari haqidagi juda koʻplab maʼlumotlarni bilib olishlari mumkin. Toʻqimachilik sanʼati YUNESKOning Umumjahon nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan joy olgan. Biz oʻzbek toʻqimachilik sanʼatiga bagʻishlangan koʻrgazmani qabul qilayotganimizdan mamnunmiz”, — dedi Orxusdagi Gellerup kutubxonasi xodimi.








