Taniqli jurnalist ilk kitobidan oʻrin olgan badiiy hayotnomalarida oʻziga zamondosh boʻlgan qahramonlarni hayotdagi oddiy bir odamdan pishiq-puxta badiiy obrazga aylantirishga, kulib oʻqiladigan jumlalar qatiga jiddiy muammolarni singdirishga harakat qilgan.

“Biz tanlagan kasbning ham shukuhli onlari koʻp boʻladi. Goh bitta ibora, bitta jumlani qoyillata olmay figʻonimiz falakka oʻrlab ketsa, goho eng zarur mavzuning oʻzi «labbay”, deb ostonamizdan kirib keladi... Ortimizdan qadam-baqadam bizdanda erkin, bizdanda jurʼatli oʻrinbosarlar kelmoqda», deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev ushbu kitobga yozgan soʻzboshisida.

Gʻayrat Sheraliyevning publitsistik lavhalari, chimdim hikoyalari va hajviyalari bilan tanishar ekansiz, ustoz jurnalistning bejiz bunday baho bermaganligiga amin boʻlasiz. Ushbu lavhalarning har biri tilining jozibasi, fikriy salmogʻi va obrazli mushohadalari bilan oʻquvchini oʻylashga, jamiyat hayotida kechayotgan jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashashga undaydi, degan umiddamiz.