Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi ishonch telefonlariga 2023-yil 21-yanvar kuni Qiziriq tumani “Bogʻbonlar yurti” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarodan “Bandixon ilmiy tajriba stansiyasi” xoʻjaligi tomonidan mavjud daraxtlar va bogʻlar noqonuniy kesib ketilmoqda” mazmunidagi murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaat Tabiat resurslari Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlaridan tuzilgan ishchi guruh tomonidan tegishli tartibda oʻrganildi.
Akademik Maxmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tizimidagi “Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasi” hududi koʻzdan kechirilganda 4 tup oʻsuvchanligini yoʻqotmagan katta yoshli chinor daraxtlari noqonuniy ravishda tag qismi bilan kesib ketilganligi aniqlandi.
“Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasi” xoʻjaligining oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuning 37-moddasi talablari buzilib, 216 000 000 (ikki yuz oʻn olti million) soʻm miqdorda oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazilgan.
Ushbu ish yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Prokuraturaga oʻtkazilgan, — deyiladi Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmati bayonotida.