Inson aqli tabiat sirlarini ochish uchun oltin kalit bo'ladi. Mana shu mo'jazgina dunyoni asrab-avaylashga barchamiz mas'ulmiz. Yon-atrofimizni ozoda saqlasak, bog' yaratsak, tabiat ham shunga yarasha javob qaytaradi. Uzoq yillardan buyon asalarichilik bilan shug'ullanaman. Fandan ma'lumki, bahor oylarida tabiiy ofatlar ko'p kuzatiladi. Mana shu talofatlar daraxt gullariga salbiy ta'sir etsa, asalarilarning yagona yemishi gulchang va nektarga ham ziyon etadi. Shu jihatdan olib qaraydigan bo'lsak, “yashil” qalqonlarni ko'paytirish muhim.

Bahor oylarida bir qiziq voqeaning guvohi bo'ldim: 1,5 gektarlik shaftolizor bog'imizga to'rt quti asalari joylagan edik. Havo injiq keldi. Har kuni yomg'ir yog'ib, quyoshli kunlar kam bo'ldi. Shaftoli hosidan umid uzgandik. Ammo asalarilar o'simlik gullarini changlatib, hosildorlikning oshishiga katta hissa qo'shdi. Mitti jonzotlar ikki kilometr masofagacha bo'lgan maydondagi o'simlik va daraxt gullarini  changlatib, bog'bon daromadini oshirar ekan.

Ma'lumotlarga ko'ra, bir gektar o'rmon o'rtacha 200 ming aholi yashaydigan shahar havosini tozalab turish imkoniyatiga ega. Xuddi shuncha maydondagi ninabargli o'rmonlar esa 8 kilogramgacha shifobaxsh moddalar ajratib, bakteriyalarni zararsizlantiradi. Faktlarda ko'rish mumkinki, salomatligimiz uchun o'simliklar dunyosining ahamiyati katta. Demak, yashil maydonlarni kengaytirish davrimizning eng dolzarb ekologik masalalaridan biri.

Agar fermer va dehqonlarimiz ekin maydoni atrofiga, ariq bo'ylariga bir qator qilib, mevali va manzarali daraxtlardan eksa, o'zimiz uchun ham, tabiat uchun ham katta foyda. Qolaversa, bunday usul zararkunandalar ko'payib, ekinlarga ziyon etishining oldini oladi. Ekologik madaniyat oiladan shakllanadi. Yoshlarimizni tabiatni sevishga o'rgatsak, atrof-muhit barqarorligiga munosib hissa qo'shgan bo'lamiz.

Abdurauf HAKIMOV,

Oltiariq tumani, Povulg'on qishlog'i