Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Oʻtkazilgan reyd tadbirlarida Ohangaron tumani, “Toshariq” MFY, Istiqbol koʻchasida yashovchi fuqaro B.D. sogʻlom oʻsish holatidagi 2 tup shotut, 2 tup yongʻoq va 1 tup tol daraxtlarini hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlaganligi aniqlandi.
Shuningdek, huquqbuzar kesilgan daraxt boʻlaklarini “Isuzu” rusumli yuk mashinasiga yuklanayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Hozirda holat yuzasidan inspektorlar tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 464-sonli Qarorining tegishli ilovasiga muvofiq tabiatga yetkazilgan zarar 260 mln soʻmni tashkil etdi. Avtotransport vositasi esa MJtKning 291-moddasi tegishli bandiga asosan vaqticha jarima maydoniga joylashtirildi.
Maʼlumotlarga koʻra, ish yuzasidan toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborilgan.