Daraxtlarni noqonuniy kesishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun javobgarlik belgilandi

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-916-son, 29.02.2024-y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchaga koʻra, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

    Shuningdek, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun maʼmuriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlandi.

    Bundan tashqari, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan shaxslarning qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta oʻrniga kompensatsiyaviy daraxt va buta koʻchatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni 3-yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilandi.

    Shuningdek, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yoʻq qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishi belgilandi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.