Bag'dodliklar ko'z o'ngida, dasht deganda tuman markazidan janubi g'arb tomonga 12-13 kilometr yo'l bosgandan keyin boshlanadigan, asrlar davomida qurib-qaqshab yotgan suvga tashna erlar gavdalanardi. Bu yerlar tosh va shag'aldan iborat bo'lgani uchun ekin-tikin qilish tugul oddiy giyohning ham o'sishi mushkul edi.
Bu fikrlarni o'tgan zamon fe'lida tilga olayotganimizning boisi bor. Negaki, ana shu dasht hududi ayni kezda tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketdi. Bor-yo'g'i bir yilda bu yerda yangi zamonaviy shaharcha qad rostladi, uy-joylar qurilishi va yaratilgan infratuzilma bo'yicha “Bag'dod tajribasi” sifatida butun mamlakatga namuna bo'ldi.
Aslida Guliston shaharchasining bunyod etilishiga davlatimiz rahbarining shu yil fevral oyi boshida Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida bergan topshiriqlari ta'mal toshi vazifasini o'tadi, bunyodkorlikka shiddat va keng qanot baxsh etdi. Oradan bir yarim oy o'tib, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida uy-joy qurilishi bo'yicha “Bag'dod tajribasi”ni o'rganish yuzasidan barcha tuman hokimlariga tavsiya berildi.
— “Obod qishloq” va “Obod mahalla” deganda, nafaqat ularning yo'li yoki qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerda yashovchi aholining daromadi ko'payishi, ijtimoiy obyektlar to'liq ishlashi kerak. eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari bo'lmasligi lozim. Buning uchun, tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ishlab chiqarishlarni tashkil etish, yangi ish o'rinlari yaratish zarur. Sarflangan har bir so'm investitsiya odamlarimizga uch baravar ko'p foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishga xizmat qilishi kerak, — degan edi Prezidentimiz.
Zamonga xos shiddat va samarali yechimlar
O'tayotgan har bir davr tarix sahifalariga muhrlanib boradi. Olisga bormay, 2000-yildagi ma'lumotlarga nazar tashlaydigan bo'lsak, tumanda 140 mingdan ortiq aholi yashagan. Ayni paytda esa, 218 ming kishi umrguzoronlik qilyapti. Keyingi yillarga kelib, aholini, ayniqsa, yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlash eng dolzarb masalaga aylandi.
— O'tgan 85 yil mobaynida Bag'dodda bor-yo'g'i 53 ta ko'p qavatli 786 ta xonadonli uy qurilgan, xolos, — deydi tuman hokimi Vosiljon Nazarov. — Shu raqamning o'zi uzoq yillar davomida tilga olishga arzigulik qurilish ishlari bo'lmaganini ko'rsatadi. Albatta, bu tez orada o'tmish xotiralariga aylanadi. Bugun tumanimizda aholining uy-joyga bo'lgan talabi inobatga olinib, istiqbolli dasturlar ishlab chiqilgan, ularni hayotga tatbiq etish ishlari qizg'in ketyapti. Bu uylarning sifati, narxi arzon bo'lishi hisobga olingan holda, qurilish madaniyatiga ham alohida e'tibor qaratilyapti Shu bois shaharcha va uning atrofidagi ob'ektlar rejasini tuzishda istiqbolda aholining o'sishi, uning infratuzilmasi va ishlab chiqarishning kengayishi kabi jihatlar ham nazarda tutilgan.
O'tgan yil kuzida mazkur shaharchani barpo etish uchun “Muruvvat” mahalla fuqarolar yig'ini hududidan 21,2 gektar yer maydoni ajratildi, bunyodkorlik rejalarini amalga oshirish davomida 21 ta qurilish tashkilotini jal etishga to'g'ri keldi.
Oradan ko'p o'tmay 57 ta bir pod'ezli 20 xonadondan iborat 5 qavatli, 4 ta 3 podezdli va jami 61 ta energiya tejamkor uyni hamda 9 ta infratuzilma ob'ektini barpo etishga kirishildi.
O'ziga xos me'moriy qiyfaga ega shaharcha loyihasi mamlakatimizda kamyob sanaladi. Aholi uchun yaratilayotgan shart-sharoit, zarur infratuzilma, ijtimoiy inshootlarning majmua holda bunyod etilishi uning haqiqatan ham namunali loyiha asosida qad rostlaganini namoyon etadi.
Tuman markazidan ancha olisda, infratuzilma tarmoqlari yo'q hududda mana shunday ko'rkam va zamonaviy shaharcha bunyod etiladi desa kimdir ishondi, kimdir esa ishonmadi. endlikda ana shu shubha, gumonlar ortda qoldi. “Dashtda solingan uy uy bo'ladimi?, ”Yangi shahar qurish ozmuncha mablag' talab qiladimi?” deya ishonchsizlik bildirganlarning yuzi qizardi.
Ayni kunda Gulistonda 1252 xonadonga mo'ljallangan 61 ta to'rt va besh qavatli uylar qurilishi yakuniga yetkazilyapti. Hozirgi kunga qadar mingga yaqin xonadonlar uchun boshlang'ich to'lov amalga oshirilib, vatan ichra vatanli bo'lgan yangi uy sohiblari eng zamonaviy shart-sharoitlar muhayyo qvlingan maskanlarga ko'chib kelishdi.
— Olib borilayotgan qurilish ko'lamlari ijtimoiy ob'ektlarni barpo etish loyihalariga hamohang tarzda olib borildi, — deydi Bag'dod tumani hokimi birinchi o'rinbosari Sardor Qoraboyev. — 2021-yilga ijtimoiy ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida 9,1 milliard so'm hisobiga 120 o'rinli 56-umumta'lim maktabiga qo'shimcha yangi 420 o'rinli o'quv binosi, viloyat mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan 13,7 milliard so'mga 350 o'rinli madaniyat uyi barpo etildi. Tuman mahalliy byudjet mablag'idan 674 million so'm mahalla binosi, istirohat bog'ini barpo etishga yo'llandi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan oilaviy polikilinika, 6 ta ikki qavatli savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko'rsatish shaxobchasi, sun'iy qoplamali sport maydonchasi, ko'ngilochar ob'ektlar, bolalar maydonchalari hamda kovorking markazini qurish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
150 o'rinli bolalar bog'chasiga kirsangiz, o'zingizni xuddi ertaklar olamiga kirib qolganday his qilasiz. Bu yerda kichkintoylarning sog'lom va aqlli bo'lb kamol topishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Eng muhimi, xonalarni jihozlash, ularni bezashdan tortib, dam olish va sport bilan shug'ullanish zallaridagi devorlaridagi quvnoq tasvirlarda ham ayricha mehr jilolanib turadi. Bu kabi ishlarni bajarishga 5,6 milliard so'm sarflanayotgani ham bejiz emas.
Infratuzilma ob'ektlarini qurish va obodonlashtirish ishlari shu bilan yakun topmaydi. Shaharchaga 3,6 kilometr tabiiy gaz, 6 kilometr elektr, 2,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. 10 ta transformator o'rnatildi, 2 dona tik quduq qazildi, rezervuar, suv tozalash inshooti, 2 kilometrdan ortiq yangi yo'l barpo etildi.
Hozirgi paytda aholi ko'chib kirgan uylar atrofi ham zamonaviy manzara kasb etgan. Yo'llar va unga tutash yo'laklar bo'ylariga ekilgan daraxtlar ildiz otayotgan bo'lsa, yashil “maydoncha”lar unga yanada shukuh baxsh etgan. Bolalar maydonchalarida yayrab o'ynayotgan jajjilarni, skameykalarda hordiq olayotgan uy sohiblarini ko'rib, dilingiz quvnaydi.
Fayzli uylar — yangi orzularga qanot
Shu yilning 28-sentyabr kuni Prezidentimiz Guliston shaharchasiga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Hududlarning shunday rivojlanayotgani, odamlar uyli, ishli bo'layotganini ko'rish mamnunlik bag'ishlashini bildirdi. Davlatimiz rahbari shu erda mahalla faollari, bag'dodlik nuroniylar bilan suhbatlashdi. Yangi uylardan biriga ko'chib kelgan Abduqahhor ota va Oyzoda aya xonadonida bo'ldi. Ular to'rt farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Ko'pni ko'rgan bu insonlar bilan yoshlar tarbiyasi, bugungi ta'lim va tadbirkorlik imkoniyatlari, tinchlik va shukronalikning ahamiyati haqida samimiy suhbatlashdi.
Abduqahhor ota oliy ma'lumotli agronam. Uzoq yillar qishloq xo'jaligi sohada ishlab nafqaga chiqdi. Oyzoda aya maktabgacha ta'lim tashkilotlarida samarli mehnat qilgan. Chuvalanchi qishlog'ida bu oilani hamma xurmat qiladi. Yaqinda oilaviy jamg'arma hisobidan Xitoy qishlog'ida ko'prik qurib berildi. Mahalladagi ichki yo'llarni shag'allashtirish, qabristonni obodonlashtirish ishlarida bosh-qosh bo'lmoqda. Kam ta'minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar tez-tez yo'qlab turishadi.
— Qishlog'imiz biroz zakkash, ayniqsa kuz-qish oylarida ob-havo o'z ta'sirini ko'rsatadi. Oyoq, bel og'riqlarim zo'rayadi. Elektr ta'minotida uzulishlar keksaygan kishiga biroz qiyinchilik tug'diradi, — deydi Abduqahhor ota. — Yashash joyimizda biroz uzoq bo'lsada qurilayotgan yangi uy joylar haqida eshitib ko'rgani bordim. Loyihachilarga barakalla.eng avvalo hayot uchun muhim bo'lgan suv muammosiga echim topishib, yangi suv quduqlari, ariqlar qazilganligini ko'rib shu erga yashash istagi tug'ildi. Uydagilar bilan mslahatlashib chol-kampir uchun ikki xonali uy-joy oldik. Boshlang'ich 15 foiz badalini to'lab, yangi uyga ko'chib o'tganimizga ham uch oydan oshdi. Bu yerdagi sharoitni asti qo'yavering. Tabiy gaz, issiq va sovuq suv keng va yorug' xonalarda yashash shashti bo'lakcha bo'larkan. Bel og'rig'i ham bezovta qilmay qo'ydi.
Prezidentimiz bilan kechgan uchrashuv, suhbat bir umr yodimda qoldi. Yurtboshimizning dunyodagi har qanday muammo va masalalar echimi salohiyatli ilimli va bilimli yoshlarga bog'liqligi, joylarda Prezident maktablari faoliyati xususida aytgan fiklaridan g'ururlandim. Ikki nabiram Farg'onada yangi qurilgan, yaqin kunlarda foydalnishga topshiriladigan Prezidenti maktabiga bo'lib o'tgan sinv imtixonlarida ishtirok etishdi. Nasib qilsa, ular xam ana ashu nufuzli maktabda tahsil olishadi. Bu har qanday ota-ona, bobova buvi uchun katta baxt.
Besh ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilishi ko'zda tutilayotgan yangi shaharchada ko'p qavatli uylar, birinchi navbatda, unga muhtoj oilalarga ajratildi, subsidiyalar berildi, shuningdek, imtiyozli kreditlar berish orqali ularning mushkuli oson bo'lyapti
— Rosti, shunaqa zamonaviy uyda yashashni xayolimizga ham keltirmagandik, — deydi Feruzaxon Sotimova. — Yolg'iz ona sifatida uy-joy masalasida xalq qabulxonasiga murojaat qilgandim. Ikki xonali shinam uyning boshlang'ich to'lovini to'lab berishdi. O'zim obodonlashtirish korxonasida ishlayman. Qizimni ham maktab-internatga ishga olishdi. Hozir har oy bankka to'lov qilib boryapman. Prezidentimiz, hukumatimiz va rahbarlarimizni duo qilib yashayapmiz.
Ultarma MFYda istiqomat qiluvchi No''monjon Madaliyev va Yulduzxon Ostonaqulova ham yaqinda qurib bitkazilgan yangi uyga ko'chib o'tishdi. Yosh oila bekasi oilaviy poliklinikaga hamishira sifatida ishga joylashayotgan bo'lsa, No'monjon savdo do'koni faoliyatini yo'lga qo'ydi.
— Katta oilaga kelin bo'lib tushganman, ikki ovsin bilan birga yashardik, — deydi Yulduzxon. — Yangi uyga ko'chib keldik. Bu yerdagi qulay sharoitlarga ko'pning havasi keladi. Kichik ovsinim xam shu yerdan uy olish taraddudida yuribdi.
Umida Mirzaahmedova tumandagi 5-maktabgacha ta'lim tashkilotida tarbiyachi. Uning quvonchiga hamkasblari ham sherik bo'lmoqda.
—Ikki xonali yangi uyning kredit to'lovi uchun birinchi yilga oyiga 640 ming so'm, dastlabki uch yillik imtiyozli davr uchun 1 million so'm belgilangani, uyning qolgan puli 20 yil davomida to'lanishi bizga juda ham manzur bo'ldi, —deya suhbatga qo'shildi Umida. — Bugun opa-singillarim, hamkasblarimni mehmonga chaqirgan edim. Yangi uyimiz ularga juda ham yoqdi. Ba'zilari oila a'zolari bilan maslahatlashib, shu uylardan sotib olishni niyat qilishyapti.
Ana shunday imtiyoz va rag'batlar Prezidentimiz tomonidan ipoteka kreditlari asosida uy-joy qurilishi tizimini takomillashtirish, tadbirkorlarga imtiyozlar berish va rag'batlantirish, aholining kam ta'minlangan qatlamlarini qo'llab-quvatlashga qaratilgan hujjatlar hayotda nechog'lik amaliy ifodasini topayotganini, ming-minglab oilalarga o'z uyiga ega bo'lishlari uchun sharoit yaratayotganligini yaqqol namoyon etadi.
Ham ish, ham daromad manbai
Mahallada uy-joy bilan ta'minlangan aholini ish o'rni va daromad manbai bilan ta'minlash masalasi ham o'z yechimini topib boryapti. Ko'p qavatli uylar massiviga yondosh hududda foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini qayta o'zlashtirish hisobiga limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalar tashkil etish uchun 104 gektar yer ajratildi. Ayni paytda 1000 ta 10 sotixli issiqxonalar qurilishi boshlangan bo'lib, ulardan 310 gasi to'liq qurib bitkazildi va 250 dan ortig'ida limon yetishtirish ishlari boshlab yuborildi.
Aytish joiz, bu issiqxonalar o'z egalariga qurilish tashkilotlari tomonidan limon ko'chatlari ekilib, tomchilatib sug'orish texnologiyasi o'rnatilgan holda topshirilyapti. Hisob-kitoblarga ko'ra, ularning o'rtacha narxi 88 million so'mni tashkil etadi. Bank kreditlari 7 yilga boshlang'ich to'lovsiz 3 yillik imtiyozli davr bilan ajratilmoqda. Bundan tashqari, Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan 2 sotixlik 20 ta issiqxona 20 nafar ishsiz, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga berilgan.
Ma'lumki, Prezidentimiz yangi shaharchaga tashrifi davomida issiqxonada ham bo'ldi. Bu yerda “Yoshlar daftari”ga kirgan yigit-qizlar, “Ayollar daftari”da turganlar ish bilan ta'minlangan. Davlatimiz rahbari ularning dehqonchiligi, daromadi, rejalari bilan qiziqib, hech qachon izlanishdan, o'rganishdan to'xtamaslikni, yoshlarning bilim olishi uchun Farg'onada qo'shimcha imkoniyatlar yaratilishini ta'kidladi. Ularning dehqonchiligi, daromadi, orzu-rejalari bilan qiziqdi. Uchrashuvda yoshlar issiqxonada asosan limonchilik bilan shug'ullanayotgani, qator oralariga bodring, pomidor, qalampir, sabzavotlar ekib, daromad olayotgani, buning samarasida oilasi “Yoshlar daftari”dan chiqqani haqida so'zlab berishdi.
Chekmirzaobod mahalla fuqarolar yig'inida yashayotgan Otabek Mamadaliyev intiluvchan yoshlardan. Ishsizligi bois “Yoshlar daftari”ga kiritilgandi. Unga ham imtiyozli kredit hisobiga issiqxona qurib berildi. Unda 95 tup limon ko'chat parvarishlayapti.
— Ko'chatlar katta bo'lguncha ekinlar oralig'ida sabzavot yetishtiryapmiz, — deydi yosh dehqon. — Bu yerga kelib yangi hayot sari qadam tashladim desam mubolg'a bo'lmaydi. Prezidentimimz bilan uchrashuvda dehqonchilikdan tashqari, bilim olishga bo'lgan qiziqishimni bildirdim. Yurtboshimiz rahnamoligida O'zbekiston- Koreya xalqaro universiteti talabasi bo'ldim.
Zulxumor Mamajonovaning turmushi buzildi. Bir qizini yetkalab ota uyga qaytdi. Tirikchilik uchun o'zga yurtlarda ish izlasada, biri ikki bo'lmadi. Ishsizligi bois “Ayollar daftari”ga kiritildi. Yangi shaharcha hududida tashkil etilgan issiqxonadan 10 sotix yer maydoni ajratib berildi. Bugun ana shu issiqxonada mehnat qilib daromad topyapti, ro'zg'or tebratyapti.
—Prezidentmizning issiqxonaga kirib kelishini sira kutmagan edim, — deydi Zulxumor sevinch ko'z yoshlarini artib. — Oddiy, samimiylik bilan bo'lib o'tgan suhbatdan so'ng mening oilaviy sharoitim hisobga olinib, dastlabki to'lovlarsiz ikki xonali uy berildi. Avvaliga ishonmadim, lekin hammasi ko'z o'ngimda ro'y berdi. Bu uchrashuv mening hayotimda yangi orzularimning amalga oshishiga katta ishonch uyg'otdi.
Kichik sanoat hududlari
Kichik sanoat zonalari jahon tajribasida ham o'zini oqlab kelyapti. Bunday hududlar avvalo, sanoat ishlab chiqarishini jadallashtiradi, hududlarning ishbilarmonlik uchun investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi, yangi texnologiyalarni jalb qilishga, tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish va aholi bandligini ta'minlashga keng imkoniyatlar ochadi.
Xususan, Farg'ona viloyatida umumiy yer maydoni 700 gektarga yaqin hamda 174 ming kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlarga ega bo'lgan 89 ta kichik sanoat hududi mavjud. Shulardan 23 tasida “Yoshlar” kichik sanoat zonalari tashkil etilgan hamda ularga 540 dan ortiq loyihalar saralab olingan.
Ana shunday ikkita kichik sanoat zonalaridan birining faoliyati Bag'dod tumanining yangi qurilgan shaharchasiga tutash hududda yo'lga qo'yilmoqda.
— Hozirgi kunda “Muruvvat” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” hududidagi 4,1 gektar maydonda 23 ta loyiha joylashtirilgan, — deydi Sardor Qoraboyev. — Ular qiymati 28,7 milliard so'mni tashkil etadi. Tadbirkorlik subyektlari uchun ajratilgan er maydonlarida qurilish-montaj ishlarini olib borish bilan bir qatorda ishlab chiqarish jarayonlari ham boshlab yuborilgan. Ular to'liq ishga tushgach, 825 nafar yigit-qiz ish bilan ta'minlanadi.
E'tiborli jihati, mazkur yoshlar kichik sanoat zonasi minglab iqtidorli, izlanuvchan yoshlarning sevimli maskaniga, yaqindagina reja bo'lgan loyihalarnin amalga oshiruvchi innovatsion maskanga aylanib boryapti.
— Bu yerda mebel ishlab chiqarish tarmog'ini tashkil qildik, — deydi “Abror” xususiy korxonasi yosh rahbari Akmaljon Dehqonov. — Umumiy qiymati 4 milliard so'm investitsiya jalb etib, zamonaviy ishlab chiqarish jihozlarini Avstriyadan olib keldik. Korxonamizda 60 nafar mahalliy yoshlar mehnat qilmoqda.
Kichik sanoat zonalarida eksportbop, import o'rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchi loyiha tashabbuskorlari soni ortib boryapti. Bu bejiz emas. Chunki kichik sanoat zonalarida ish boshlagan, investitsiya jalb etgan tadbirkorlik subyektlari yer va mulk solig'idan ozod qilingan. Bundan tashqari, yo'l, tabiiy gaz, suv, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida olib borilayotgan ishlar mahsulot tannarxini arzonlashtirish, sifatini oshirish imkonini beradi. Misol uchun mebelsozlikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari uchun naiki eksportni yo'lga qo'yish uchun imtiyozlar, shu jumladan, 2023-yil 1-yanvarga qadar ishlab chiqarishda zarur bo'lgan ayrim xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol` stavkasi qo'llaniladi.
Mazkur imkoniyatlardan Bag'doddagi ikkinchi alohida imtiyozga ega hudud — 6,4 gektar maydonni egallagan “Muruvvat” mebelchilikka ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasidagi tadbirkorlik subyektlari ham foydalanishlari mumkin. Bu yerdagi loyihalarning umumiy qiymati 14.5 milliard so'mni tashkil etib, shundan 8, 2 milliard so'mi tadbirkorlarning o'z mablag'i, 300 million so'm bank krediti va 600 ming AQSH dollari xorijiy investitsiya hisobiga to'g'ri keladi. Yaqin istiqbolda bu subyektlarda 580 nafar kishi ish bilan ta'minlanishi ko'zda tutilgan.
Sirasini aytganda, xalqimizga xos yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etgan ushbu bunyodkorliklar Yangi O'zbekiston solnomasida yangi sahifalar ochyapti va “Bag'dod tajribasi” sifatida yurtimiz hududlarida ham shu kabi “yo'ldosh” shaharchalarni barpo etishda qo'l kelyapti.
Rasuljon KAMOLOV,
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbirlari