Agentlik faoliyatini tizimli ravishda tahlil qilish nafaqat korrupsion xatarlarga moyil boʻlgan sohalar va yoʻnalishlarni aniqlashga, balki huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida oldini olish boʻyicha samarali choralarni koʻrishga imkon yaratdi. Agentlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha bir qator ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shuningdek amaldagi hujjatlar ushbu xalqaro standartga muvofiqlashtirildi.

Misol uchun, Agentlik tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarini raqamlashtirish orqali yuqori va oʻrta darajadagi korrupsion xatarlar bilan bogʻliq inson omili keskin qisqardi, byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi. Agentlik xodimlari faoliyatidagi manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning asoslari yaratildi. Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida kontragentlarni teshkirish amaliyoti joriy etildi va tuzilgan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi shartlarni majburiy kiritish belgilandi. Agentlik markaziy apparati, tarkibiy tuzilmalarida ham kadrlar baholash tizimining shaffofligi oshirildi, bu esa adolat, halollik va xolislikni taʼminlash, mahalliychilik va qarindosh-urugʻchilikka yoʻl qoʻymaslikni kafolatlaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omili bu faoliyatning ochiqligi va shaffofligidir. Shu bois, tizimda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida xabar berish va aniqlangan holatlarni bartaraf etishning tashkiliy asoslari mustahkamlandi. Bugungi kunda (71) 259-21-37 ishonch telefoni, murojaatlar boʻyicha https://murojaat.davaktiv.uz/ sayti, @davaktivuz_bot va 1082 yagona call markazi, shuningdek, korrupsiya holatlari boʻyicha murojaat uchun maxsus @csdavaktiv_bot (71) 259-21-22 telefon raqami ishlab turibdi. Jumladan, agentlikka 2020-yil 1-dekabr kuniga qadar barcha masalalar yuzasidan jami 1804 ta murojaat kelib tushgan.
Agentlik xususiylashtirish jarayonlarini ommaviy savdolar orqali, inson omilining aralashuvisiz, ochiq va shaffof tashkil etib kelmoqda. Jumladan, 2020-yilning 1-dekabr holatiga koʻra, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali 22857 ta mulk realizatsiya qilindi. Ushbu auksion savdolarida 98 958 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Bundan tashqari, Agentlik birinchi boʻlib, Cert International sertifikatlashtirish organining davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda boshqaruv tizimda talab qilinadigan ISO 55001:2014 standartlariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatiga ham ega boʻldi. ISO 55001:2014 standarti aktivlarni boshqarish tartibini belgilaydi. Ushbu xalqaro tan olingan normativ hujjat faoliyatning boshqa jihatlarini hisobga olgan holda aktivlarni boshqarish tartibining samaradorligini koʻzda tutadi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.