Unda navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida»gi hamda “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida»gi Qonunlar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida»gi Qonun bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudlarga murojaat qilganda belgilangan davlat boji stavkaning 50 foizi miqdorida toʻlash, qolgan qismini esa belgilangan tartibda ishni koʻrish natijasi bilan undirilishi belgilanyapti.
Mazkur Qonunga kiritilayotgan oʻzgartish fuqarolar manfaatini sudlar orqali himoya qilishni taʼminlashi hamda ularning murojaatlarini koʻrib chiqishda davlat idoralari masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, Qoʻmita majlisida “Moliyaviy isteʼmol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan «Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida»gi Qonun ham muhokama qilindi.
Qonun bilan “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Qonunga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy isteʼmol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilyapti.
Ishtirokchilar tomonidan qayd etilishicha, Qonunning qabul qilinishi aholi tomonidan isteʼmol kreditlarini rasmiylashtirishda yengilliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish koʻlamining kengayishiga olib keladi.
Muhokamalardan soʻng koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.