Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar hukuklarining kafolatlarini kuchaytirish, biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish, ushbu sohadagi tartib-taomillarini sezilarli darajada soddalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sanaladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omil bo'lib, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishi natijasida ko'plab oilalarga baraka kiradi, ming-minglab yangi ish o'rinlari yaratiladi. Shu bois, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro'yxatidan o'tkazish, turli ruxsatnomalar olish va boshqa ko'plab xizmatlar tartib-qoidalari soddalashtirildi.
Oxirgi to'rt-besh yilda davlatimiz rahbari tomonidan soha vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan qator farmon va qarorlar, shuningdek, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz” dasturlari doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qilayotir.
Biroq yaratilayotgan shart-sharoitlarga qaramay, ayrim tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan o'z faoliyatini o'zboshimchalik bilan imorat qurgan holda amalga oshirish holatlar ko'paymoqda. Xususan, tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan Toshkent shahrida 2019-yilda 2730 ta, 2020-yil 9 oyida 1774 ta imoratlar o'zboshimchalik bilan qurilganligi aniklangan. O'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash bo'yicha Toshkent shahar hokimligi tomonidan iqtisodiy sudlarga 2019-yilda 661, 2020-yilning 9 oyida 1463 ta da'vo arizalari kiritilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida ko'rib chiqilgan “Davlat boji to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida bu sohada yuzaga kelayotgan ko'plab muammolarning echimi aniq belgilab qo'yilgan.
Shu o'rinda savol tug'ilishi tabiiy. Xo'sh, ushbu qonunni qabul qilinganiga hali ko'p vaqt bo'lmagan bo'lsa, nega unga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilyapti? Aslida yangi tahrirdagi qonunni qabul qilishga qanday sabablar bor?
Aytish joizki, joriy yil 1 yanvardan boshlab tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, maishiy tusdagi ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo'qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarini tiklash uchun tegishli vakolatli davlat organiga murojaat qilinganda, ularni to'lovlar (davlat boji, gerb yig'imi, konsullik yig'imi, haqiqiy xarajatlarning o'rnini qoplash hisobidan yig'im va davlat xizmatlarini ko'rsatganlik uchun belgilangan narxlar)dan ozod qilish belgilangan.
Lekin “Davlat boji to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonunida ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo'qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda davlat boji va konsullik yig'imidan ozod qilish belgilanmagan. SHu bois, yuqoridagi qonunda davlat boji va konsullik yig'imidan ozod qilingan shaxslarning toifalarini kengaytirish zarurati mavjud.
Shuningdek, aholi punktlarini tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qurilishlarni amalga oshirishda shaharsozlik va yer to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlash zarurati mavjud. Qolaversa, aholi punktlarini tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish yuzasidan bu boradagi mas'ul davlat organlarining sudga murojaat etishda iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan.
Bundan tashqari, aholi punktlarini tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan shaharsozlik va yer to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilmasligi natijasida hududning sanitariya-epidemologik osoyishtaligi va yong'in xavfsizligi talablari buzilishiga sabab bo'lmoqda. O'z navbatida, “Davlat boji to'g'risda”gi qonunning 8 va 9-moddalarini o'zaro muvofiqlashtirish, hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqan holda fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzishda sudga murojaat etish imkoniyatlarini birxillashtirish zarurati kelib chiqmokda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida “Davlat boji to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan Qonuniga davlat organlarini o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to'g'risida iqtisodiy sudlarga kiritiladigan da'volari yuzasidan davlat bojini to'lashdan ozod qilish, shuningdek, ofatlar yuz berganligi oqibatida jabrlangan jismoniy shaxslarning yo'qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarini takroriy berganlik uchun to'lovlardan ozod qilishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish ko'zda tutilmoqda.
SHu jihatdan aytish mumkinki, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida sohada yuzaga kelayotgan ko'plab muammolar o'z echimini topadi:
birinchidan, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar yuz berganligi oqibatida jabrlangan jismoniy shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga doir qonunchilik hujjatlarida mavjud bo'lgan huquqiy bo'shliqlar bartaraf qilinadi;
ikkinchidan, mazkur qonunning qabul qilinishi aholi punktlarini tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qurilishlarni amalga oshirishda shaharsozlik va er to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga so'zsiz rioya etilishini ta'minlashga imkon beradi;
uchinchidan, aholi punktlarini tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish yuzasidan mas'ul davlat organlarining sudga murojaat etish imkoniyatlarini ta'minlaydi.
Umuman olganda, ushbu hujjat davlat bojini belgilash, undirish, uni qaytarish va uni to'lashdan ozod qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan esa aholi punklarini shaharsozlik va er to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga hamda hududning sanitariya-epidemologik osoyishtaligi va yong'in xavfsizligi talablariga rioya etish uchun zarur huquqiy mexanizm joriy etiladi.
Botirbek TO'RAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati