Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Jahon Bojxona tashkiloti bosh kotibi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 11 Oktabr 2022 1989

    Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi amaliy safar bilan Belgiyada boʻlib turibdi.

    Safar doirasida davlat bojxona qoʻmitasi raisi Bryusselda Jahon Bojxona tashkilotining “Ishda farovonlik – inson kapitaliga gʻamxoʻrlik demak” shiori ostidagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

    Tadbir doirasida Akmalxoʻja Mavlonov va Jahon Bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.

    Taʼkidlash joizki, tomonlar 2021-yil noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini hamda aniq chora-tadbirlarni belgilab olgan edi.

    Jumladan, oʻtgan qisqa fursatda Oʻzbekistonning Jahon Bojxona tashkilotida doimiy vakili tayinlandi. “Savdoni soddalashtirish global dasturi” doirasida kadrlar salohiyatini oshirishga yoʻnaltirilgan 10 dan ortiq tadbirlar tashkil etildi.

    — Bizning asosiy maqsadimiz xodimlarga zarur boʻlgan barcha sharoitlarni yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishdan iborat, — dedi Akmal Mavlonov. — Barchamizga maʼlumki, xodim uchun qulay ish sharoiti yaratilmas ekan, xodimning oʻzi ushbu sharoitni yaratish maqsadida korrupsiyaga qoʻl uradi. Bu borada xorijiy tajribani oʻrganish uchun biz Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va qoʻshni mamlakatlarda boʻlib, har bir davlatda xodimlarning ish samaradorligini oshirish boʻyicha xorijiy tajribalarni puxta oʻrganib chiqdik.

    Oʻzbekiston tomoni Jahon Bojxona tashkiloti bilan oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator takliflarni ilgari surdi.

    Xususan, kadrlar tayyorlash va inson resurslarini rivojlantirish yoʻnalishlarida Jahon Bojxona tashkiloti mutaxassislarining Oʻzbekiston bojxona organlari xodimlarining oʻquv jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish, Jahon Bojxona tashkilotining hududiy oʻquv markazlarida Bojxona institutining professor-oʻqituvchilari uchun muntazam amaliyotlarni yoʻlga qoʻyish, Jahon Bojxona tashkilotining navbatdagi “PICARD” nufuzli xalqaro konferensiyasini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi bildirildi.

    Jahon Bojxona tashkilotida Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlarining akkreditatsiyadan oʻtishi va doimiy tarzda mazkur tashkilotda faoliyat olib borishlari masalasi ham uchrashuvda atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, Tashkilot doirasida xalqaro darajadagi yirik tadbirlarni Samarqand shahrida oʻtkazish taklifi ilgari surildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Kunio Mikuriya mazkur takliflarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.