Konferensiyada 240 nafar Davlat boshqaruvi akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Strategik islohotlar agentligi, Buxoro viloyati hokimligi, Buxoro viloyati davlat idoralari vakillari, Koreya Davlat boshqaruvi instituti, Xanns-Zaydel jamg‘armasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi va OAV vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyani ochib berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, professor Adham Bekmurodov so‘zga chiqdi.
“Davlatimiz rahbari tomonidan markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi quyilgan. O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy islohotlar shunday tizimni yaratishga qaratilgan.
Ushbu maqsadga erishish uchun kerakli kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalasi muhim hisoblanadi. Negaki davlat boshqaruvi organlarining samarali faoliyati unda xizmat qiluvchi kadrlar salohiyatiga bog‘liqdir.
Yangi O‘zbekiston uchun inson qadrini e’zozlaydigan, korrupsiyaga toqatsiz, ixcham, professional va samarali davlat boshqaruvi uchun yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini joriy etish hamda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan transformatsiya qilish talab qilinadi.
Mazkur konferensiya shu kabi masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan. Konferensiya davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlat boshqaruvi xodimlari salohiyatini oshirish, davlat boshqaruvi faoliyati va davlat xizmatchilarining kompetensiyalarini baholash, davlat xizmatchilarining kommunikativligi va yetakchiligiga oid bilim va tajribalar to‘g‘risida munozaralar olib boramiz.
Muhokamalar davomida istiqbolli rejalar hamda loyihalarni amalga oshirish uchun qilinadigan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi”, — deya ta’kidladi A. Bekmurodov.
Shuningdek, Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov, Koreya davlat boshqaruvi instituti prezidenti Sangxan Chve, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari O. Xasanov, Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang, Buxoro davlat universiteti rektori O. Xamidov so‘zga chiqib, o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiyaning ahamiyati va o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Konferensiya davomida Janubiy Koreya va O‘zbekiston davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish tajribasi, Davlat xizmatchilarining kommunikativligi va yetakchiligi, Davlat xizmatchilarining kompetensiyalarini baholash va salohiyatini rivojlantirish uchun malaka oshirish dasturi modeli, rahbar kadrlarning yetakchilik hamda boshqaruv salohiyatini yanada rivojlantirish va ularning faoliyatini baholash mezonlari mavzusida muhokama, debat va taqdimot tashkil etildi.
Davlat boshqaruvi xodimlarining kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi. Konferensiya davomida olingan nazariy bilimlarga tayangan holda, davlat boshqaruvi kadrlari salohiyatini rivojlantirishning dastur loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida ko‘rilgan istiqbolli rejalar hamda loyihalarni amalga oshirish uchun qilinadigan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: Mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga 1991-yil dekabr oyida asos solingan, Janubiy Koreya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan edi. Oradan bir oy o‘tib, ya’ni 1992-yil yanvarida mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarilib, barcha sohalarda istiqbolli ishlar amalga oshirilmoqda.
Koreya O‘zbekistonning Osiyo -Tinch okeani mintaqasidagi yetakchi savdo - iqtisodiy sheriklaridan biridir. Shu nuqtai nazardan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish ustuvor vazifalardan hisoblanadi. So‘ngi yillarda o‘zaro savdo va investisiya ko‘rsatkichlari barqaror ortib, mamlakatimizda qariyb 1 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, Koreyadan investisiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi.
Keyingi besh yilda tovar aylanmasi ikki baravar oshdi. 2022-yilda tovar ayirboshlash hajmi 23,3 foizga o‘sdi va 2,34 milliard dollarni tashkil qildi. 2023-yilning yetti oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,27 mlrd dollarni tashkil etgan. 2025-yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ta’lim tizimida ham hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Hozirda Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari xususan, Inxa, Adju, Puchon va Koreya xalqaro universitetlari filiallari O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda.