Har bir davlatning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanishi va taraqqiy etishi shubhasiz davlat boshqaruvi tizimining nechogʻlik samarali tashkil etilganiga bogʻliq. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabr kungi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xalqimizning kundalik hayotida oʻz ifodasini topishi, qoʻyilgan maqsad va kutilayotgan natijalarga erishish koʻp jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bogʻliqligi alohida eʼtirof etilgan. Shu bilan birga davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq vazifa va yoʻnalishlar ham belgilab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ushbu vazifalarni amalga oshirish yuzasidan bir-biri bilan bevosita bogʻliq boʻlgan quyidagi 5 ta yoʻnalish boʻyicha rejalarni belgilab olgan.
Birinchisi — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish.
Barchamizga maʼlumki, nafaqat davlat boshqaruvi tizimi, balki boshqa sohalarda ham ish faoliyati qanchalik puxta tashkil qilinmasin, natija boʻlmasa, bunday faoliyat samarasizdir. Davlat boshqaruvida faoliyatni natijadorlikka yoʻnaltirishning asosiy mexanizmlaridan biri — oʻlchanadigan aniq mezon va indikatorlar asosida baholash tizimini joriy etish hisoblanadi.
Hozirgi kunda davlat organlari va tashkilotlari hamda xodimlari faoliyatini baholashning yagona mexanizmi mavjud emasligi sababli xodimlarni ragʻbatlantirish yoki intizomiy chora koʻrish jarayonlari subyektivlik, manfaatdorlik va boshqa salbiy mezonlar hisobiga amalga oshirib kelinmoqda. Bundan tashqari, baholash mexanizmini joriy etish orqali davlat xizmatchilariga yuklatilgan aniq vazifa va funksiyalarning samarali ijrosini taʼminlash mumkin.
Mazkur yoʻnalishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tadqiqot va amaliy tahlillar oʻtkazildi. Jumladan, turli viloyatlar kesimida 12 tuman (shahar) hokimliklari faoliyatida eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash tizimini joriy etish boʻyicha eksperiment oʻtkazildi. Tahlillar natijasiga koʻra, tuman (shahar) hokimlari oʻrinbosarlarining faoliyat samaradorligi oʻrtacha 56 foiz ekanligi aniqlandi. Shu bilan birga tuman hokimliklari joriy faoliyatida 300 ga yaqin vazifa va funksiyalar boʻyicha ish yuklamalari mavjudligi, ammo, ularning aksariyati hokimliklarning asosiy vazifalari toifasiga kirmasligi aniqlangan. Bu esa oʻz navbatida hokimliklarning kompleks rivojlantirish boʻyicha strategik vazifalarni amalga oshirish oʻrniga asossiz joriy topshiriqlarning ijrosi bilan band boʻlib qolganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, amaldagi mehnatga haq toʻlash tizimi mehnat faoliyatida erishiladigan natijalar bilan bogʻliq emasligi sababli mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari tegishli natijalarga erishilishidan bevosita manfaatdor emas.
Hozirda barcha mahalliy davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlarida eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida faoliyatga baho berish, natijadorlikka qarab mehnatga haq toʻlash, ragʻbatlantirish va chora koʻrish tizimini joriy etish boʻyicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda, tegishli hujjatlar loyihalari ham ishlab chiqildi.
Ikkinchisi — davlat boshqaruvida faoliyatni raqamlashtirish orqali optimallashtirish.
Yuqorida qayd etilgan Murojaatnomada davlat boshqaruvi tizimida bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar va byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha davlat boshqaruvi xodimlari sonini oʻrtacha 15 foizgacha optimallashtirish masalasi taklif etilgan.
Barchamizga maʼlumki, davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish deyilganda, mavjud shtat birliklari sonlarini qisqartirish yoki mahalliy tilda “sokraщyeniya” deb notoʻgʻri tushuniladi. Aksincha, optimallashtirish jarayoni davlat organlariga yuklatilgan vazifalarni qayta koʻrib chiqish natijasida takrorlovchi yoki samarasiz funksiyalarni aniqlash va bartafar etish orqali tizimni takomillashtirishga qaratilgan. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, har bir xodimning faoliyati aniq maqsadlarga yoʻnaltirilar ekan, endilikda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar boʻlishi mumkin emas. Shuning uchun takrorlovchi funksiyalarni amalga oshirayotgan tarkibiy tuzilma faoliyatini qisqartirish va ish yuklamasi yuqori boʻlgan boshqa tuzilmaga qaratish maqsadga muvofiq boʻladi.
Bu islohot davlat boshqaruvida faoliyatni ratsional ravishda amalga oshirish va qisqartirilgan shtat birliklari hisobiga tejalgan mablagʻlarni xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish orqali ish samaradorligini oshirishga zamin yaratadi.
Shu bilan birga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirishda raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda barcha sohalarda axborotlashtirish tizimlari keng qoʻllanilayotgan bir paytda davlat boshqaruvi tizimida ham axborot kommunikatsion texnologiyalarini joriy etish va keng foydalanish zamon talabi hisoblanadi. Shuningdek, davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni axborotlashtirish va raqamlashtirish ortiqcha inson resurslari tejalishiga hamda mazkur sohadagi faoliyatda shaffoflikni taʼminlashga munosib xissa qoʻshadi.
Raqamlashtirish orqali davlat boshqaruvi tizimini nafaqat optimallashtirish, balki xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq funksiyalarning tezkor, samarali va shaffof tarzda amalga oshirilishi hamda xodimlar orasida jamoaviy raqobatni shakllantirish, ularni faollik, tashabbuskorlik kabi ijobiy fazilatlarga motivatsiyalashni taʼminlaydi.
Uchinchisi — davlat boshqaruvi tizimiga malakali va eng munosib kadrlarni shaffof mexanizmlar asosida jalb qilish.
Albatta, davlat boshqaruvi tizimida samaradorlikni taʼminlashni malakali, masʼuliyatli, zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor kadrlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Oʻz navbatida, bu kabi kadrlarni jamlash va ular salohiyatidan unumli foydalanishda korrupsion holatlarni bartaraf etish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, davlat boshqaruvi tizimida korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish mazkur sohaning barqaror rivojlanishi va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.
Shu maqsadda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” vacancy.argos.uz axborot tizimi ishga tushirildi. Hozirgi kunda vazirlik va idoralarning 800 dan ortiq lavozimlari boʻyicha ochiq mustaqil tanlovlar eʼlon qilindi. Eʼtibor qiling, 800 ta oʻrin uchun 20 ming dan ortiq nomzodlar hujjat topshirishdi. Bunda hujjat topshirish va imtihondan oʻtish elektron tizim orqali mutloqo shaffof tarzda amalga oshiriladi. Hozirgacha 396 nafar munosib kadrlar tanlab olinib, joy-joyiga qoʻyildi.
Nomzodlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalari ularning davlat xizmatiga qiziqishi ortganligini koʻrsatdi. Shuningdek, tanlov eng avvalo, tanish-bilish, urugʻ-aymoqchilik yoki korrupsiya kabi salbiy alomatlarning oldini olishida samarali vosita ekanligi qayd etildi. Shu maʼnoda tanlov jarayonlarini yana-da takomillashtirish va joriy yil yakuniga qadar barcha vazirlik va idoralar faoliyatiga toʻliq tatbiq etish boʻyicha tizimli va rejali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Toʻrtinchisi — davlat xizmatchilarini tizimli ravishda qayta tayyorlash va ularning uzluksiz malaka oshirishini tashkil etish.
Hozirgi globallashuv sharoitida davlat boshqaruvi tizimida faoliyatni innovatsion usullar orqali samarali tashkil etish albatta mazkur soha xodimlarini uzluksiz malaka oshirishini talab etadi. Davlat xizmatchilarining malakasi va bilimlarini monitoring qilmasdan turib, ular faoliyatida samaradorlik va natijadorlikni taʼminlab boʻlmaydi.
Bugungi kunda mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari huzurida 32 ta, vazirliklar va qoʻmitalar huzurida 29 ta, korxona va tashkilotlar huzurida 64 ta, jami 125 ta malaka oshirish markazlari faoliyat yuritmoqda.
Biroq keyingi 3 yil ichida davlat xizmatchilarining 30 foizi malaka oshirish kurslarida qatnashgan. Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash borasida yagona oʻqitish standartlari mavjud emasligi va mazkur taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organning belgilanmaganligi sababli har bir taʼlim muassasasi oʻzicha oʻqitishni yoʻlga qoʻygan.
Mazkur sohada Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat xizmatchilarining siyosiy-huquqiy, iqtisodiy, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va maʼnaviyat soxasidagi bilim darajasini aniqlash, shuningdek, ularning “Psixologik portreti”, yaʼni emotsional intellekt (EQ) va intellektual koffitsiyenti (IQ)ni yaratish maqsadida “Davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli” – maxsus test tizimi ishlab chiqildi. Bugungi kunga qadar ushbu tizim orqali 35 mingga yaqin davlat xizmatchilarining malakasi va kasbiy koʻnikmalari baholandi. Davlat xizmatchilarining oʻrtacha bilim koʻrsatkichi 67 ballni tashkil etib, ulardan 33 foizining (11 mingdan ortiq) bahosi qoniqarsiz ekanligi maʼlum boʻldi.
Endilikda mavjud davlat va nodavlat taʼlim muassasalarining davlat xizmatchilari malakasini oshirish va qayta tayyorlash imkoniyatidan kelib chiqib, yillik buyurtma portfellarini shakllantirish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqilgan. Unga koʻra, uzoq muddatli oʻquv kurslari hajmi maqbullashtirilib, qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, jumladan, masofaviy taʼlim texnologiyalaridan keng foydalangan holda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, shuningdek, yangi kompetensiyalarga oʻrgatishning samarali tizimini joriy etishni nazarda tutadi.
Beshinchisi — davlat boshqaruvi tizimiga yoshlarni keng jalb qilish boʻyicha zarur sharoitlar yaratish.
Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlardan koʻzda tutilgan natijalarga toʻliq erishishni taʼminlash maqsadida yangicha fikrlay oladigan, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan yosh avlodni davlat xizmatiga qabul qilish dolzarb boʻlib turibdi.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarini bitirgan bilimli yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilishning shaffof tizimi mavjud emasligi aholi, ayniqsa, yoshlar orasida davlat xizmati jozibadorligining pasayishiga sabab boʻlmoqda. Shu maʼnoda davlat organlari respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni oʻrnatgan holda yoshlarning davlat xizmatiga qabul qilinishida oʻziga xos “koʻprik” vazifasini bajarishga manfaatdor boʻlishi lozim.
Bu borada Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan zamonaviy axborot-texnologiyalaridan foydalangan holda barcha yoshlar uchun teng imkoniyat yaratadigan hamda faqat bilim va salohiyatdan kelib chiqqan holda davlat xizmatiga qabul qilishning shaffof mexanizmlarini nazarda tutuvchi vakant lavozimlar elektron tizimi ishlab chiqilgan. Mazkur tizim orqali oliy taʼlim muassasasining har bir bitiruvchisida davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlar boʻyicha toʻliq maʼlumotga ega boʻlish, kelajakda oʻzi tanlagan yoʻnalish boʻyicha davlat xizmatiga kirish imkoniyati vujudga keladi.
Bundan tashqari, yoshlarni davlat xizmatiga jalb qilish, qiziqishini oshirish hamda malakali va qobiliyatli yoshlarning seleksiya tizimini amalga oshirish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Yoshlar ishlari agentligi bilan Davlat fuqarolik xizmatida yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumi imzolangan.
Mazkur memorandum bilan yoshlar orasidan eng munosib, intelektual salohiyati yuqori boʻlganlarni “Kelajak liderlari” etib tarbiyalash boʻyicha rejali seleksiya tizimini amalga oshirish, yoshlarning davlat xizmatiga qiziqishini oshirish va jozibadorligini taʼminlashga doir aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlikni taʼminlashga doir sanab oʻtilgan mezonlarni samarali amalga oshirish va toʻgʻri tatbiq qilishda mazkur sohada yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy mustahkamlash, qonun bilan tartibga solish lozim. Shu maqsadda davlat boshqaruvi tizimida kadrlarni tanlash, faoliyat samaradorligini baholash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning aniq mezonlari hamda davlat xizmatchisining huquqiy maqomini belgilovchi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyihaning xalqchilligini taʼminlash maqsadida keng jamoatchilik muhokamalari tashkil etildi hamda loyihada taklif etilayotgan normalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun xorijiy davlatlarning ilmiy muassasalari va xalqaro tashkilotlari tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi. Ayni paytda loyiha Parlamentga kiritishga tayyorlanmoqda.
Umuman olganda, davlat boshqaruvi tizimini toʻgʻri isloh etish va samarali tashkil etilishidan davlat va jamiyat birdek manfaatdor hamda mazkur sohada teng masʼuliyatli boʻlishi lozim. Shu maʼnoda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat boshqaruvi tizimini yana-da isloh qilish va samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha jamoatchilik vakillari, jurnalistlar va blogerlarni faol hamkorlikka chaqirib, har qanday taklif va tashabbus doirasida doimiy muloqotga tayyorligini maʼlum qiladi.
Gʻolibjon ABDUAZIZOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori









