Jahonda koronavirus pandemiyasidan keyin yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda. Xalqaro valyuta jamg'armasining 2023-yil oktyabr oyi hisobotiga ko'ra, jahon iqtisodiyoti o'sish sur'atlari hozirgi 3,0 foizdan 2024-yilda 2,9 foizga, rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti esa mos ravishda 1,5 foizdan 1,4 foizga sekinlashmoqda. Bu O'zbekiston iqtisodiyotiga ham o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmaydi. 2024—2026-yillar uchun ishlab chiqilgan iqtisodiy prognozlarda shu jihatlar ham e'tiborga olingan.
Ahadbek HAYDAROV,
Iqtisodiyot va moliya vaziri o'rinbosari:
— So'nggi 4 yilda global iqtisodiyotda kuzatilayotgan murakkab vaziyatga qaramasdan mamlakatimizni rivojlantirish strategiyalaridagi iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlar hamda tarmoq, soha va hududlarni rivojlantirishga yo'naltirilgan dasturlarning amalga oshirilishi natijasida 2023-yilda ham barqaror iqtisodiy o'sish sur'atlariga (5,6—5,8 foiz) erishishimiz kutilmoqda. Jumladan, Xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan tayyorlangan O'zbekistonning iqtisodiy o'sish prognozlariga ko'ra, 2023-yilda yalpi ichki mahsulot o'sishi 5,5 foiz, 2024-yilga borib esa 5,5-5,6 foiz atrofida bo'ladi. Bir qarashda, o'sish ko'rsatkichi sekinlashgani ko'rinadi. Ammo boshqa davlatlar bilan solishtirganda, bu ijobiy ko'rsatkichdir.
Bu jarayonda Davlat byudjeti mablag'lari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, samarali sarflanishi ham muhim ahamiyatga ega. Ya'ni, daromadlar bevosita xarajatlar bilan uyg'un bo'lishi lozim. Masalan, kelasi yili Davlat byudjeti daromadlari 270,6 trillion so'm, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg'armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,8 trillion so'm bo'lishi prognoz qilinmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,0 foiz yuqori yoki 2023-yil kutilayotgan ijroga nisbatan 30,6 trillion so'mga ko'p degani.
Ushbu jami xarajatlarning 16,6 foizi ta'lim va fan sohasi, 5,8 foizi iqtisodiyot, 4,8 foizi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi, qolgan qismi esa boshqa tarmoqlar hissasiga to'g'ri keladi. Shuningdek, sug'orish tizimini tiklash va suv hisobini yuritish tadbirlariga joriy yilga nisbatan 3 trillion so'mga ko'proq mablag' ajratilishi rejalashtirilmoqda. Chunki suv taqchilligi masalasi Markaziy Osiyoda ham tobora dolzarblashib bormoqda. Bu borada bizning eng katta salohiyatimiz kanallarni betonlashtirish hisoblanadi. Shu bois, tizimga yo'naltiriladigan mablag'lar hisobidan 1 016 kilometr kanallarda ta'mirlash ishlari, jumladan, 815 kilometr betonlashtirish, 17 kilometr lotoklarni yangilash va boshqa ishlar bajariladi. Natijada yiliga 706 million metr kub suv iqtisod qilinib, 411 ming gektar maydonni sug'orish yaxshilanadi va yillik ekspluatatsiya xarajatlari 196 milliard so'mga kamayadi. Qolaversa, 390 ta yirik suv o'tkazish nuqtasi zamonaviy suv o'lchagich bilan jihozlanib, suv hisobini yuritish yaxshilanishi kutilmoqda.
2024-yilda jami byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg'armalari tushumlari va xarajatlari mos ravishda 30,5 trillion so'mni tashkil etishi prognoz qilingan. Davlat byudjetidan esa ularga 33,1 trillion so'm ajratiladi. Keyingi 3 yilda bunday jamg'armalarning daromadlari tushumi 55,4 trillion so'm, xarajatlari esa 97,1 trillion so'mga etadi. Kelasi yilda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari taqchilligi 3,1 foiz bo'lib, 2025-2026-yillarda taqchillik darajasi 1,8—2,2 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.
Umuman, 2024—2026-yillar iqtisodiy tahlilida har bir jihat e'tiborga olingan. Soliq-byudjet siyosati bo'yicha belgilangan asosiy yo'nalishlar ham shular jumlasidan. Undan o'rta muddatda asosiy soliq stavkalarini o'zgartirmasdan saqlab qolish, byudjet daromadlar bazasini kengaytirish, berilgan soliq, bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko'rib chiqish va bosqichma-bosqich bekor qilish, inson kapitali rivojlanishiga doir xarajatlar ustuvorligini ta'minlash va ijtimoiy himoyaning manzilligini kuchaytirish, ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo'lmagan miqdorda oshirib borish, “Yashil byudjetlashtirish” tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish kabi dolzarb vazifalar o'rin olgan.
Bu chora-tadbirlarni birgina davlatning o'zi yoki bir nechta tashkilot uddalay olmaydi. Jarayonlarda shu jamiyatning har bir a'zosi bevosita ishtirok etadi. Barcha sohalarda byudjet xarajatlarini optimallashtirish, Davlat byudjeti mablag'larini to'g'ri va samarali yo'naltirish esa mamlakatimiz iqtisodiy rivojiga xizmat qilib, yuqori daromadli davlatlar qatoriga qo'shilishimizga yo'l ochadi.
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 03.11.23-y, 229-sonida e'lon qilingan)