2017-2021-yillarda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan xarajatlar qariyb 3 barobar oshdi.
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish va o‘zgartirish 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda 2018-yilda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2017-2022 yillarda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalari bo‘yicha o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, 2017-2021-yillarda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan xarajatlar qariyb 3 barobar oshdi. Agar xarajatlar 2017-yilda 7330 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 21 047,8 milliard so‘mga yetdi. Shunday qilib, 2021-yilda davlat budjeti xarajatlaridagi ulush 12,7 foizni tashkil etdi.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy soni 2022-yilda 2017 yildagiga nisbatan 1,8 barobar o‘sdi va 10 ming 547 tani tashkil etdi.
2017-yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 4000 ta edi, bugun esa ularning soni 7 ming 320 ta. Ularning 5 ming 823 tasi ambulator, 1 ming 497 tasi statsionardir. Natijada ko‘rsatilayotgan sog‘liqni saqlash xizmatlarining umumiy hajmi 3,8 marotaba oshdi.
Ushbu davrda aholi o‘rtasida yangi kasallanish holatlari kamaygan. Xususan:
- sil kasalligi (har 100 000 kishiga) 2017-yildagi 44,9 nafardan 2022-yilda 35,9 nafargacha;
- gepatit B (har 100 000 kishiga) 2017 yildagi 0,8 nafardan 2021 yilda 0,3 nafargacha;
- 2-toifa qandli diabet (har 100 000 kishiga) 2017 yildagi 21,4 nafardan 2021 yilda 18,3 nafargacha.
Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2017-yildagi 73,7 yoshdan 2021-yilda 73,8 yoshga ko‘tarilib, quyidagi ko‘rsatkichlar yaxshilandi:
- onalar o‘limi koeffitsiyenti (har 100 000 tirik tug‘ilgan chaqalog‘ga) 2017-yildagi 21 nafardan 2021-yilda 14,4 nafargacha kamaydi;
- 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi koeffitsiyenti 2017-yildagi 15,4 nafardan 2021-yilda 12,3 nafargacha kamaydi;
- aholi o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish tufayli hayotdan ko‘z yumish ko‘rsatkichi (har 100 000 kishiga) 2017 yildagi 7,5 nafardan 2021 yilda 6,4 nafargacha kamaydi.
O‘zbekistonda yil sayin jadal rivojlanayotgan tibbiyot turizmining rivojlanishi sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning sezilarli natijasi bo‘ldi. Agar 2017 yilda O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan sayyohlar soni 28 ming 705 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 69 ming 984 nafarni tashkil etmoqda. Masalan, Samarqand shahrida 8 ta yirik mehmonxonani o‘z ichiga olgan yirik turistik klaster (kurort tipidagi mehmonxona) tashkil etildi. Ulardan biri yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan kurort tipidagi mehmonxona.
“2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi”da mamlakatimiz tibbiyot tashkilotlarining turizm salohiyatini tubdan oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Shunday qilib, sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining yaxshilanishi, onalar va bolalar o‘limining, shuningdek, aholi o‘rtasida yangi kasallanish holatlarining kamayishiga olib keldi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh etishh sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar va tibbiyot turizmining rivojlanishiga xizmat qilmoqda.