Davlat byudjetining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi koʻrib chiqildi

    Hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qoʻchqorov taqdim etdi.

    Deputatlar Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdi.

    Hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qoʻchqorov taqdim etdi.

    Hisobotda keltirilishicha, yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foiz, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foiz, bozor xizmatlari 13,3 foiz, qurilish ishlari 10,7 foiz va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish 4,0 foizga oshgan.

    Asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi 273,4 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga oʻsgani. Bu esa, oʻz navbatida aholining real daromadlari 9,5 foizga oshib, aholi farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 37,0 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan.

    Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 103,4 foizga bajarilgani hamda xarajatlar boʻyicha reja koʻrsatkichlari 96,8 foizni tashkil qilgan.

    Yigʻilishda qayd etilganidek, 2025-yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti daromadlari 144,2 trln soʻmni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari boʻyicha belgilangan reja koʻrsatkichlari toʻliq bajarilgan.

    Davlat byudjetining xarajatlari esa hisobot davrida 173,3 trln soʻmni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 16,0 foizga oʻsgan.

    Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 86,2 trln. soʻm yoki 2024-yilning mos davriga nisbatan 12,1 trln. soʻmga koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgan. Bu esa jami xarajatlarning 49,8 foizini tashkil etadi.

    Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2025-yilning birinchi yarim yilligida qoʻshilgan qiymat soligʻidan manfiy farqni qoplash uchun soliq toʻlovchilarga 12,1 trln. soʻm miqdorida qoʻshilgan qiymat soligʻi summalari qaytarilgan. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini “soya”dan chiqarish hamda legallashtirish choralari koʻrilganligi natijasida hisobot davri yakunida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar soni 230,4 mingtani tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 7,7 mingtaga yoki 3,4 foizga oshgan.

    Muhokamalarda deputatlar tomonidan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida “ogʻir” toifaga kiritilgan 205 ta mahallada umumiy qiymati 326 mlrd. soʻmlik 247 ta loyiha gʻolib boʻlganligi natijasida, 114 ta ichki yoʻllarni taʼmirlash, 73 ta maktab hamda 24 ta tibbiyot tashkilotlarini taʼmirlash va jihozlash kabi loyihalarga mablagʻlar yoʻnaltirilganligi ijobiy baholandi.

    Deputatlar erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligiga ham tanqidiy baho bergan holda oʻz munosabatlarini bildirdi.

    Majlisda mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining kelgusi davr uchun oʻz vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

    Qizgʻin savol-javoblardan soʻng, deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2025-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildilar.