Taʼkidlanganidek, Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi boʻlgan Taraqqiyot strategiyasida yaqin va oʻrta istiqbolda Oʻzbekistonning rivojlanish tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yoʻnalishlari aniq belgilangan.
Ushbu tarixiy hujjatning ahamiyati shundaki, uni ishlab chiqishda mavjud muammolar eʼtiborga olindi, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirildi. Eng muhimi, hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi.
Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan.
Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.
Davlat dasturining inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yoʻnalishi ijrosini taʼminlashga Oliy Majlis palatalari masʼul etib belgilangan.
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati yoʻlga qoʻyiladi.
Majlisda, shuningdek, mamlakatimizda islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilganligi taʼkidlandi.
Xususan, xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hamda ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Davlat dasturi mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish boʻyicha choralarni ham nazarda tutadi. Bunda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda mahallalarning vakolatlarini, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kengaytirish, hokim yordamchilari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish kabi vazifalar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yoʻnaltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.
Shuningdek, byudjet tashkilotlariga aniq strategik vazifalar qoʻyish, ularga soʻrov yuborish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, masofaviy ishlash yoʻlga qoʻyiladi, hududlarni rivojlantirish masalalarida vakillik organlari ishtiroki kuchaytiriladi.
Muhokamalarda ushbu vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qoʻmitalari hamda hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.