Taʼkidlanganidek, joriy yildagi Davlat dasturi 273 ta banddan iborat boʻlib, uning ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trln soʻm, 2,6 mlrd AQSH dollari hamda 57,5 mln yevroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Birinchi chorakda ijrosi taʼminlanishi belgilangan 41 ta topshiriqning 32 tasi toʻliq bajarilgan.
Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Dasturda ijro muddati kelmagan 15 ta banddagi vazifalar bajarilishi taʼminlangan.
Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 103,0 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 46,7 trln soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 102,8 foizga oʻsgan. Davlat byudjeti ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan xarajatlar 18,2 trln soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga oshgan.
Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 mlrd dollar, shundan 818 mln dollari toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya boʻlgan 453 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida 35 897 ta yangi ish oʻrni tashkil etilgan.
Har bir tuman (shahar)da “Yoshlar dasturlari” ijrosi tizimli yoʻlga qoʻyilib, 271 ming 495 nafardan ortiq yoshlarning bandligi taʼminlangan. 62 ming 441 nafar yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgan hamda 27 ming 236 nafar yoshlar “1+1” loyihasi asosida tadbirkor va usta-hunarmandlarga biriktirilgan.
Yangi tashkil qilingan “Yoshlar jamgʻarmalari” mablagʻlaridan 17 mlrd 504 mln soʻm mablagʻ sarflanib, “Yoshlar daftari”ga kirgan 24 ming 904 nafardan ortiq yoshlarning muammolari hal etilishiga koʻmaklashilgan.
Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida 660 ming doza AstraZeneca va 1 mln doza ZF-UZ-VAK 2001 vaksinasi olib kelingan. Emlash ishlarini amalga oshirish uchun respublikada 3 138 ta punkt va 862 ta harakatdagi brigada tashkil etilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi taʼkidlandi.
Xususan, Dasturda ijrosi I chorakda taʼminlanishi belgilangan baʼzi topshiriqlar oʻz vaqtida bajarilmagan. Jumladan, Davlat dasturining 145-bandida 1-martga qadar aholining minimal isteʼmol xarajatlarini eʼlon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish vazifasi qayd etilgan boʻlib, mazkur band ijrosi yuzasidan meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.
Dasturning 120-bandida 20-martga qadar qishloq xoʻjaligida yer munosabatlari boʻyicha islohotlarni yana-da takomillashtirish, yerlarni bozor aktivlariga aylantirish hamda yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi belgilangan. Biroq mazkur topshiriq bajarilmagan.
Shuningdek, ayrim hujjatlar loyihalari ijrochilar tomonidan oʻz vaqtida ishlab chiqilmaganligi hududlarda shu yoʻnalishdagi islohotlarga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani ham taʼkidlandi.
Qizgʻin savol-javoblar asosida oʻtgan Davlat dasturi ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Dasturning 38-bandidagi Inflyatsiyaviy targetlash doirasida 2021-yilda inflyatsiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligi, Dasturning 43-bandidagi davlat qarzi boʻyicha maʼlumotlarning yana-da ochiqligini taʼminlash vazifasining bajarilish holati, Dasturning 120-bandidagi Qishloq xoʻjaligida yer munosabatlari boʻyicha islohotlarni yana-da takomillashtirish, yer uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish, Dasturning 261-bandidagi xorijiy mamlakatlardagi Oʻzbekiston mehnat migrantlariga xizmat koʻrsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tubdan rivojlantirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar kabi masalalar yuzasidan mutasaddilar javoblari eshitildi.
Muhokamalar soʻnggida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.