Davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 27 Aprel 2022 1389

    Joriy yil 26-aprelda Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Majlisda Senatning 25-yalpi majlisida muhokama etiladigan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Xususan, 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama etildi.

    Qayd etilganidek, aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida atrof muhitning ifloslanish darajasini baholash mexanizmlarini takomillashtirish atrof tabiiy muhitni kuzatish, ifloslanish darajasini prognozlash, davlat ekologik nazoratini doimiy axborot bilan taʼminlash, ifloslantiruvchi manbalarning holati va atrof muhitga taʼsiri monitoringini amalga oshirish maqsadida davlat ekologik monitoringi oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar roʻyxati shakllantirilgan.

    Unga asosan atrof muhit monitoringi doirasida hududiy tahlil laboratoriyalari tomonidan 385 ta korxonaning 1 160 ta manbalarida monitoring amalga oshirilib, monitoring natijalariga koʻra 80 ta obyektning 110 ta manbalarida meʼyordan ortgan holatlar kuzatilgan.

    Chiqindilar bilan ishlash sohasida Andijon viloyatida 7 ta va Toshkent viloyatida 1 ta umumiy qiymati 245,1 milliard soʻm boʻlgan maishiy chiqindilarni tashish, saralash va qayta ishlash boʻyicha davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan.

    Respublika hududlarida oʻrmonlar maydonini kengaytirish va oʻrmon fondi yerlaridan samarali foydalanish maqsadida Oʻrmon fondining choʻl hududlarida, jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida “yashil qoplamalar” barpo etish ishlari olib borilib, bugungi kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlarida jami 55 ming gektar maydonda choʻl oʻsimliklaridan himoya oʻrmonzorlari barpo etilgan. Oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 1 million 633 ming gektar maydonda dorivor oʻsimliklarning madaniy plantatsiyalari tashkil etilgan.

    Qoʻmita majlisida Orolboʻyi mintaqasida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati) ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining axboroti ham eshitildi.

    Taʼkidlanganidek, Orolboʻyi hududida meteorologik kuzatishlar va atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish tizimini avtomatlashtirish boʻyicha “Orolboʻyi mintaqasida avtomatik kuzatish punktlarini tatbiq etish yoʻli bilan ekologik monitoring tizimini takomillashtirish” pasporti loyihasi ishlab chiqilgan.

    Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida mavjud maishiy va qurilish chiqindilari poligonlarini rekultivatsiya qilish hamda yangilarini tashkil etish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilgan.

    Orolboʻyi mintaqasida chuqur artezian quduqlar burgʻilash orqali qishloq xoʻjaligi va chorvachilikning suv taʼminotini yaxshilash va rivojlantirish yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq, Chimboy, Taxtakoʻpir va Qoraoʻzak tumanlari hokimliklari bilan birgalikda yer osti suvlari hisobiga foydalanishga kiritilishi mumkin boʻlgan jami 11 ta hudud boʻyicha 1 210 gektar maydon aniqlangan.

    Orolboʻyi hududida 250 gektar maydonda dorivor godji, lavanda va naʼmatak oʻsimliklari parvarishlanib, dorivor oʻsimliklar plantatsiyasini barpo etilmoqda.

    Orolboʻyi milliy tabiat bogʻi boshqaruviga innovatsion yondashuvlarni joriy etishda mintaqaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ilk bor Orolboʻyi atrofida asal oʻrmonlari barpo etish ishlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, majlisda mazkur masalada ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi qayd etib oʻtildi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumanida Qizilmiya ildizini qayta ishlash chiqindilari va boshqa qishloq xoʻjalik organik qoldiqlaridan briket va granula ishlab chiqarish boʻyicha startap loyihasini hozirgi kunga qadar moliyalashtirish masalasi oxiriga yetkazilmagan.

    Orolboʻyi milliy tabiat bogʻi boshqaruviga innovatsion yondashuvlarni joriy etishda mintaqaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishida ishlar talab darajasida amalga oshirilmagan. Senatorlar tomonidan masʼullarga ushbu kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

    Shuningdek, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun alohida muhokama qilindi.

    Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilishda zararkunandalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga koʻmaklashadi.

    Shuningdek, Qoʻmita majlisida “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Qonun batafsil koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi avvalo, sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirishga moʻljallangan taʼsirchan huquqiy baza yaratilishiga hamda suv taʼminoti tashkilotlari faoliyatida intizomni kuchaytirish orqali nosozliklar oqibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinishiga xizmat qiladi.

    Isteʼmolchilar tomonidan ichimlik va oqova suv quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar natijadorligi oshishiga, isteʼmolchilar va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻrtasida ochiq va teng huquqli mexanizmlar joriy etilishiga zamin yaratadi.

    Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining 2021-yil va 2022-yilning birinchi choragidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Qoʻmita majlisida koʻrib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.