Davlat notarial idoralari ishchilariga ovqatlanish xarajatlari qoplanadi

    Mamlakatimizda 26 Iyun 2023 1878

    Davlat notarial idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi notarial arxivlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish turlari kengaytirilmoqda.

    Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Davlat notarial idoralari va notarial arxivlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qoʻshma qarori qabul qilindi.

    Hujjatga muvofiq, davlat notarial idoralari va Adliya vazirligi huzuridagi notarial arxivlar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish turlari kengaytirilmoqda.

    Endilikda xodimlarga rasmiy bayram kunlari munosabati bilan bir marotabalik mukofot puli toʻlanishi, ularning ovqatlanish va yoʻlkira xarajatlari qoplanishi hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun moddiy yordam ajratilishi mumkin.

    Maʼlumot uchun: muqaddam lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustama oʻrnatish, mukofotlash, qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirish va moddiy yordam koʻrsatish kabi ragʻbatlantirish turlari oʻrnatilgan edi.

    Shuningdek ularning miqdori oʻrnatilmoqda:

    • bir marotabalik mukofot puli – bir oylik maosh miqdorigacha;
    • ovqatlanish uchun har oylik toʻlov – BHMning 2 baravarigacha;
    • yoʻlkira uchun kompensatsiya – BHMning 1 baravarigacha;
    • qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun bir yilda bir marotaba (qoida tariqasida, kuz oylarida) moddiy yordam – BHMning 10 baravarigacha.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.06.2023-yildan kuchga kirdi.