–Davlat organining ochiqligi, avvalambor, hisobdorlik uchun kerak. YA'ni, xalq davlat organiga emas, balki, davlat organi xalqqa xizmat qilishi kerak,  degan tamoyilni to'laqonli amalga oshirish uchun zarur. Odamlar u yoki bu tashkilot nima ish qilayotganini, uning faoliyati samaradorligini bilib turishi kerak. Qolaversa, hech qaysi idora o'z xodimlarini to'liq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs ham, vaqt ham etmaydi. Shu sababli muammoning echimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalari qo'llanilishi lozim. Ya'ni, har bir xodim o'zining faoliyati to'liq jamoatchilik nazoratida ekanini, aytilgan har bir gapi, harakati minglab nigohlar kuzatuvida ekanini his qilsa, u o'z- o'zidan noqonuniy harakatlar haqida o'ylab ham ko'rmaydi.

Bu borada islohotlarning eng muhim bosqichlaridan biri Prezidentimizning 2018 yilda qabul qilingan “Byudjet ma'lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bo'ldi. 2020 yildan boshlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan, ilg'or xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlanishi yo'lga qo'yildi. «Ochiq byudjet» axborot portali ishga tushirildi. Joriy yilda esa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Raqamli O'zbekiston - 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Bundan ko'zlangan maqsad - davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, internet tarmog'ida ochiq ma'lumotlarni va boshqa axborotlarni joylashtirib borishni ta'minlashdir.

Adliya vazirligi tajribasiga to'xtalsak. Adliya vazirligi barcha sohadagi islohotlarning lokomotiviga aylanishni maqsad qilgan. Vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muntazam axborot berib borish, ularning huquqiy ma'lumotlarga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashga qaratilgan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) dasturi 2018 yildayoq ishga tushirilgan. Dastur 34 ta chora-tadbirni qamrab oldi.

 “Ochiq adliya” ijtimoiy dasturi orqali video va audioyozuvga ruxsat berildi. Ya'ni, jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan erkin foydalanishi mumkin. Shu yo'l bilan e'tibordan chetda qolayotgan jihatlarni, o'z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash bo'yicha jamoatchilik yordamidan foydalanilmoqda.