“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoniga ko'ra davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi quyidagi 8 ta indikator asosida baholab boriladi:
— davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta'minlashga mas'ul bo'lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;
— davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko'rsatish holati;
— ijtimoiy ahamiyatga molik ma'lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e'lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo'lga qo'yilishi;
— byudjet jarayonining ochiqligini ta'minlashga oid ma'lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
— Ochiq ma'lumotlar portalida ma'lumotlar joylashtirilishi;
— ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;
— korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
— jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.
Farmonga muvofiq:
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yil yakuni bo'yicha Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi shakllantiriladi va “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalari orqali ochiq e'lon qilib boriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik darajasi “0” balldan “100” ballgacha reytingda baholanib, quyidagi toifalarga ajratiladi:
— 71 balldan 100 ballgacha – “yashil”
— 55 balldan 71 ballgacha — “sariq”
— 55 balldan past — “qizil”
Ochiqlik darajasi eng yuqori deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga mas'ul xodimlarini rag'batlantirish, aksincha, salbiy bo'lganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi ko'riladi. Bu haqida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.