Bugungi kunda, milliy qonunchilikda xizmat safarlarini tartibga soluvchi bir nechta normativ-huquqiy hujjatlar mavjud, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 9-sentyabrdagi “Vazirliklar, idoralar va boshqa respublika organlari xodimlarining chet el xizmat safarlariga borishini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, 2003-yil 29-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma va boshqalar.

Biroq, xizmat safarlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining bugungi kun talablariga javob bermasliklari oʻz navbatida qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bunday muammolar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joylardagi muammolarni oʻrganish va hal qilishning zamonaviy masofaviy shakllaridan foydalanmasliklari xizmat safarlari sonining haddan ortiq koʻpayishiga va byudjet mablagʻlari xarajatlarining noproporsional oʻsishiga olib kelmoqda;

davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslari xizmat safarlarining alohida jihatlari tartibga solinmaganligi, shuningdek ogʻzaki topshiriqlarni yuborishning eskirgan amaliyoti boshqaruv qarorlarini qabul qilishda byurokratizm va subyektivlikni tugʻdirmoqda;

davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini ularning vakolati kirmaydigan masalalar yuzasidan xizmat safarlariga yuborishning samarasiz amaliyoti mavjudligi joylarda muammolarni samarali aniqlash va hal qilish imkonini bermayapti;

qonunchilikda xizmat safarlari uchun belgilangan xarajatlarning miqdori davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining haqiqiy xarajatlariga nomuvofiqligi korrupsiya koʻrinishlari oʻsishiga sabab boʻlmoqda;

davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuboriladigan xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholashning mavjud emasligi joylarda muammolarni amalda hal qilishni taʼminlamayapti.

Yuqorida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish esa davlat organlari va tashkilotlaridan oʻz faoliyatini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish, shu jumladan videokonferensaloqa tizimidan keng foydalanish, shuningdek xizmat safarlari boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan, biroq bugungi kun talablariga mos kelmaydigan normalarni qayta koʻrib chiqishni taqozo etadi.

Bunda, qonun hujjatlariga kiritiladigan oʻzgarishlar zamonaviy axborot-texnologiyalarni qoʻllagan holda xizmat safarlarini qisqartirib, majlislar, yigʻilishlar, konferensiyalar, seminar va treninglarni masofadan turib amalga oshirish, davlat tashkilotlarining tarkibiy va hududiy boʻlinmalari hisobotlarini hududlardan davlat tashkilotlari xodimlarini taklif etmasdan eshitib borish, boshqa davlat organlari va tashkilotlariga ogʻzaki topshiriqlar berilishiga yoʻl qoʻymaslik, oʻz vakolatiga kirmaydigan yoki xizmat safari maqsadi bilan bogʻliq boʻlmagan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazish amaliyotini bekor qilishga oid korrupsiyaga qarshi normalarni belgilash, xizmat safari davomida vujudga keladigan korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish kabi masalalarni oʻz ichiga olishi zarur.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari xizmat safarlari rejalari maqsadga muvofiqligi, samaradorligi va natijadorligini tahlil qilish va baholash, respublika hududlariga yuboriladigan xodimlarining xizmat safarlari xarajatlari roʻyxatini qonunchilikda belgilangan meʼyorlarning haqiqiy xarajatlarga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha masalalarni koʻrib chiqish ham bugungi kun talabidir.

Bu kabi oʻzgarishlar esa oʻz navbatida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining samarasiz xizmat safarlari soni va ularda nazarda tutilgan xarajatlarni hamda xodimlari tomonidan vazifalarni bajarishga ketadigan vaqtini sezilarli darajada optimallashtirilishiga, xizmat safari davomida korrupsiya xavf-xatarlari va manfaatlar toʻqnashuvi holatlari vujudga kelish ehtimolini kamaytirilishiga, xizmat safariga yuboriladigan xodimlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aralashish amaliyoti bekor qilinishiga, xizmat safari natijasining obyektivligi va samaradorligining oshishiga olib keladi.

Azizbek DEHQONOV,

Adliya vazirligi masʼul xodimi