Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.

    2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari ishini yangicha tizim asosida tashkil etish yuzasidan belgilangan asosiy vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida “halollik vaksinasi” tamoyili asosida korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida qaror qilaman:

    I. Ustuvor vazifalar

    1. Davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi (keyingi o‘rinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

    a) korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

    b) davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

    v) idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritish;

    g) davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, davlat xaridlari bo‘yicha preventiv o‘rganishlarni amalga oshirish;

    d) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) elektron hisobot taqdim etib borish;

    ye) tegishli soha va tarmoqda korrupsiyaviy xavf-xatarlar ro‘yxatini shakllantirish, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqib, tasdiqlanishini ta’minlash;

    j) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash imkonini beruvchi situatsion markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritish;

    z) mehnat jamoasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va odob-axloq qoidalariga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borish;

    i) korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy tajribalarni ommalashtirish va joriy etish yuzasidan takliflar kiritish.

    II. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar

    2. Belgilansinki:

    a) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida esa kuzatuv kengashiga (kuzatuv kengashi mavjud bo‘lmagan hollarda korxona rahbariga) bo‘ysunadi va uning oldida hisobdor bo‘ladi;

    b) davlat organlari va tashkilotlari hududiy bo‘linmalari va tarkibiy tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari tomonidan tayinlanadi hamda faoliyati ular tomonidan muvofiqlashtiriladi;

    v) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi Agentlikning taqdimnomalari ular faoliyat olib borayotgan tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.

    3. Davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Agentlik Hisob palatasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda boshqa mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili davlat organlari va tashkilotlarida mazkur minimal mezonlarga asosan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari tashkil etilishini monitoring qilib, natijalari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashga axborot kiritib borsin.

    III. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment

    4. 2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy etilsin:

    a) Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “O‘zsuvta’minot” AJning (keyingi o‘rinlarda – eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbari lavozimiga Agentlik xodimlari tayinlanadi;

    b) eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari bevosita Agentlikka bo‘ysunadi;

    v) eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish Agentlik hamda eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

    5. Huquqiy eksperiment doirasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash maqsadida:

    a) eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari shtat birliklari huquqiy eksperiment davrida Agentlikka o‘tkaziladi;

    b) mazkur shtat birliklari uchun Agentlikning bo‘lim boshlig‘iga belgilangan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari qo‘llanadi. Bunda ushbu lavozim uchun mehnatga haq to‘lash xarajatlari, shuningdek, Agentlikda va eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarda ushbu lavozim uchun to‘lanadigan ish haqi o‘rtasidagi tafovut:

    1) Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirliklarida faoliyat yurituvchi Agentlik xodimlari uchun – Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan;

    2) “O‘zbekneftgaz” AJ va “O‘zsuvta’minot” AJda faoliyat yurituvchi Agentlik xodimlari uchun – Agentlikning byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan o‘tkazib beriladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

    6. Agentlik (A. Burxanov) eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlar bilan birgalikda:

    a) bir oy muddatda eksperiment o‘tkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi xodimlari faoliyatining huquqiy eksperiment davomidagi eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) belgilasin;

    b) huquqiy eksperimentning amalga oshirilishi haqida har yarim yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashga axborot kiritib borsin;

    v) ikki oy muddatda huquqiy eksperimentni amalga oshirish jarayonini tartibga solish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilsin;

    g) huquqiy eksperimentning natijalarini tahlil qilish asosida 2027 yil 1 yanvarga qadar ushbu tizimni boshqa davlat organlari va tashkilotlariga ham tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin.

    IV. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari malakasini oshirish va ular faoliyatining samaradorligini baholash

    7. Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy ta’minlash, ularning xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan o‘tkazish hamda malakasini oshirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.

    8. Davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ilk marta lavozimga tayinlangan mas’ul xodimlari quyidagi tartibda ikki haftalik stajirovkadan o‘tishi belgilansin:

    a) davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining rahbarlari va xodimlari – Agentlikda;

    b) hududiy bo‘linma va tarkibiy tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul xodimlari – davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarida.

    9. Agentlik:

    a) davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda ularning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlari uchun har yili korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini hamda ularning qonunchilikda belgilangan tartibda har uch yilda attestatsiyadan o‘tkazilishini tashkil etib borsin;

    b) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

    1) Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash;

    2) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etishni Agentlik bilan kelishish tartibini belgilash;

    3) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlash va baholash tartibini belgilash;

    4) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarining malakasini oshirish, ularni stajirovka va attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilash;

    v) uch oy muddatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarining kasbiy standartlari ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin;

    g) 2025 yil 1 iyulga qadar “E-anticor.uz” elektron platformasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan ishlar haqidagi hisobotni elektron shaklda taqdim etish, anonim so‘rovnomalar o‘tkazib, natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish imkonini beruvchi elektron modulni ishga tushirsin;

    d) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari xodimlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash natijalari bo‘yicha har yarim yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashga axborot kiritib borsin.

    V. Moliyaviy resurslar

    10. “E-anticor.uz” elektron platformasini funksional kengaytirishga qaratilgan modulni yaratish bilan bog‘liq xarajatlar Agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro va milliy donorlar tomonidan ajratilgan mablag‘lar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.

    VI. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

    11. Agentlik O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsad, vazifalari, undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

    12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

    13. Agentlik (A.Burxanov) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    14. Mazkur qarorda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2025 yil 21 aprel