Nizomga koʻra, Akademiyada quyidagi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:
- “Hududlarni kompleks rivojlantirish”;
- “Davlat boshqaruvi”;
- “Inson resurslarini rivojlantirish”;
- “Davlat siyosati”;
- “Davlat moliyasini boshqarish”.
Akademiya magistraturasiga qabul davlat buyurtmasi boʻyicha davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Akademiyaga davlat buyurtmasi boʻyicha qabulni tashkil etish uchun nomzodlarni birlamchi saralab olish boʻyicha idoraviy komissiya tuziladi.
Nomzod Idoraviy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- oxirgi 2-yillik faoliyati davomida amalga oshirgan ijobiy ishlari haqidagi maʼlumot;
- maʼlumotnoma-obyektivka;
- nomzodning qoʻshimcha erishgan yutuqlari: ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, xorijiy tillarni bilish sertifikati kabilar.
Magistraturada oʻqishga tavsiya etilgan nomzodlar umumiy sonining, qoida tariqasida, kamida 30 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Akademiyada magistratura mutaxassisliklariga davlat buyurtmasi boʻyicha tanlov 2 bosqichda, test sinovi va suhbat shaklida oʻtkaziladi.
Qabul komissiyasi qarori bilan davlat buyurtmasi boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga tavsiya etilgan nomzodlarni Akademiya tinglovchiligiga qabul qilish rektorning buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.