Loyiha doirasida Moliya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan maʼqullandi.
Agentlik tomonidan Hisob palatasi va boshqa vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda qurilish, energetika, suv xoʻjaligi va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalarida oʻrganishlar oʻtkazildi.
Jumladan, Andijon, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari va boshqa buyurtmachi tashkilotlarida jami 461,3 mlrd. soʻmlik qiymatdagi davlat xaridlari yuzasidan 59 ta qurilish obyektlari oʻrganildi.
Oʻrganishlarda, Andijon viloyatida 18 ta, Jizzax viloyatida 11 ta, Navoiy viloyatida 7 ta tanlov va tenderlarni oʻtkazish jarayonida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” va “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunlar hamda boshqa qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgani, qurilsh obyektlarida davlat byudjetiga turli koʻrinishda 19,6 mlrd. soʻm zararlar yetkazilgani aniqlandi.
Oʻrganish natijalariga asosan prokuratura organlari tomonidan Andijon viloyatida 6 ta, Jizzax viloyatida 3 ta, Navoiy viloyatida 1 ta, jami 10 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan va 2 ta holatda JPKning 84-moddasi 5-qismiga asosan ayblilik masalasi hal qilinmasdan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi hamda uning quyi tizimlarida 5033 ta qonunbuzilishi, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash loyihalari uchun ajratilgan 154,4 mlrd. soʻmlik mablagʻlarni maqsadsiz sarflanganligi maʼlum boʻldi.
Bandan tashqari, Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlarida davlat xaridlari boʻyicha 4836 ta xato va kamchiliklar mavjudligi, byudjetga 704 mln. soʻm zarar yetkazilgani aniqlangan.
Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2019-2020-yillarda 10,4 mlrd. soʻmlik 512 ta shartnomalar tuzilgan boʻlib, 1,9 mlrd. soʻmlik 20 ta shartnomalar boʻyicha maʼlumotlar maxsus axborot portaliga uch kundan kechiktirib joylashtirilgan boʻlsa, 2,4 mlrd. soʻmlik 10 ta miqdoridagi shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umuman joylashtirilmagan.
Agentlik tomonidan oʻtkazilgan mazkur oʻrganishlar natijasida, vazirlik, huquqni muhofaza qiluvchi organ, idora va tashkilotlarga 13 ta taqdimnoma kiritilib, 25 ta soʻrovnoma va 3 ta ogohlantiruvlar yuborildi, yuborilgan soʻrovnomalar boʻyicha prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 167, 205, 209 va boshqa moddalar bilan umumiy 14 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.