Ushbu vazifalarni to'g'ri anglagan holada o'tgan olti yillik vaqt davomida mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, xo'jalik boshqaruvi organlari tomonidan davlat boshqaruvi va xo'jalik funksiyalarini birga qo'shib olib borish amaliyotidan voz kechildi. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to'lash hamda ijtimoiy ta'minotini yaxshilashning zamonaviy mexanizmlari yaratildi. Natijada, sohada xizmat qilib kelayotgan 118 ming nafar davlat xizmatchilari xalqqa ancha yaqinlashdi, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi yo'lga qo'yildi. Davlat xizmatidagi 40 yoshgacha bo'lgan xodimlar ulushi ilgarigi 37 foizdan, 61 foizga yetkazildi.

Ammo, bugun joylarda aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy qudratini yuksaltirishga qartilgan iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish jarayonlarida ayrim davlat xizmatchilarining etarli bilim va tajribaga ega emasligi joylarda bevosita aholi kayfiyatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ushbu holatlar esa, davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish borasida bir qator islohotlarni amalga oshirish zarurligini ko'rsatmoqda.

Shu bois, kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Yig'lishda o'tgan vaqt davomida erishilgan natijalar e'tirof etilishi bilan birga, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, sohani isloh qilishga qartilgan bir qator vazifalar belgilab berildi.

Xususan, o'tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas'uliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog'liq 7 mingta shikoyat kelib tushgan. Yuqoridagi fuqarolar tomonidan bildirilgan e'tirozlarda ham bilish mumkinki, qobiliyatni aniqlash, o'qitish, ishni yaxshilashga o'rgatadigan yaxlit tizim bo'lmagani uchun ayrim mutasaddilar vazifalarini eplay olmayapti. Umuman, rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo'lga qo'yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo'lib qolmoqda. Bu esa, ko'zlangan maqsad va marralarga erishishda salbiy ta'sir ko'rsatmasdan qolmaydi.

Suu bois, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida”gi qonun tayyorlandi. Galdagi vazifa qonunda nazarda tutilayotgan talablardan kelib chiqib, davlat idoralari oldida turgan ustuvor vazifalarni amaliyotga tatbiq etishdir.

Qonun talablaridan kelib chiqqan holda endilikda davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi. Buning uchun yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi. Bo'sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjatni so'rash amaliyotidan vos kechiladi. Barcha jarayonlar elektron shaklga o'tkazilib, nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati ochiq tanlov orqali aniqlanadi.

Bu tajribani tizimli yo'lga qo'yish uchun Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi e'lon qilinadi. Dastur doirasida bitiruvchi kurslarda o'qiyotgan qobiliyatli talabalar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o'taydi va o'qishni tamomlagach, shaffof tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

Shuningdek, yig'lishda bugungi kunda vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog'onasini ko'rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamaganligi ham tanqid qilindi. Shu bois, Prezident davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o'stirishga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi.

Buning uchun 1 noyabrdan boshlab, eski namunadagi ma'lumotnomadan voz kechilib, xodimning malakasi va erishgan natijalarini ilg'or texnologiyalar asosida baholaydigan tizimga o'tiladi. Oddiy qilib aytganda, rahbarlikka tasodifan, kimningdir tanishi bo'lganligi yoki nufuzi baland oliygohni bitirib, yuqori tashkilotlarda ishlagani uchun kelib qolishining oldi olinadi.

Ushbu jarayonning yo'lga qo'yilishi davlat xizmatchilarida belgilangan har bir reja va topshiriqni qaysi nuqtada qanday yondashuv asosida amalga oshirish lozimligini o'rgatadi. Yuqori idorada ishlovchi rahbarlarda, men shu ishni eng olis hududda qanday qilsam xalq rozi bo'ladi degan tushuncha uyg'onib, ularda xalq bilan hech bir byurokratik to'siqsiz xalq xizmatchisi sifatida muloqot qilish madaniyati shakllanishiga olib keladi.

Albatta, davlat xizmatchilariga o'z vazifalarini amalga oshirishda yuqoridagi kabi talablarni qo'yilishi bugunning talabi sanaladi. Ammo, ular faoliyatining kafolatlarini ham kuchaytirish, mehnatiga yarasha munosib rag'batlantirish orqali, ishiga bo'lgan mas'uliyatini yanada yaxshilashga erishish mumkin.

Shu bois, davlatimiz rahbari yig'ilishda ushbu jarayonga ham alohida to'xtalib o'tdi. Jumladan, kelgusi yildan xodimning tajribasi, malakasi va erishgan natijasiga qarab, rag'batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ularning hayoti va sog'lig'i davlat hisobidan sug'urta qilinadi. O'z vazifalarini halol va pok bajarayotgan davlat xizmatchilari uchun keksalikni munosib o'tkazish kafolatlari yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, davlat boshqaruvi tizimini to'g'ri isloh etish orqali mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni o'z vaqtida samarali va sifatli amalga oshirishga erishamiz.

Maxfirat Xushvaqtova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati